12:12 (29.05.2024)

625

Bolalarni profilaktik emlashga qanday tayyorlash kerak?

Emlash — boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik samarali chora boʼlib, infektsiya oʼchoqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi.

Shu bois yurtimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan boʼlib, unga koʼra, bolalar 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlanadi.

Xoʼsh, bu jarayonga ular qanday tayyorlanadi? Bola vaktsina olgach, nimalarga eʼtibor berish lozim?

Shu kabi savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi boʼlim boshligʼi Dilorom Tursunova javob berdi.

— Vaktsina olishga koʼrsatma yoki qarshi koʼrsatmalarni faqat shifokor aniqlaydi. U esa emlash masalasini hal qilish, aynan qaysi vaktsinani olish, bolani bu jarayonga tayyorlash va undan keyingi kuzatuv boʼyicha ota-onalarga kerakli tavsiyalar beradi.

Yaʼni, shifokor bolaning surunkali kasalliklari, avvalgi emlash preparatlariga reaktsiyalari yoki asoratlari, dori vositalariga va oziq-ovqatlarga allergik reaktsiyalari haqida qisqa soʼrov oʼtkazadi.

Shuningdek, suhbat davomida bola organizmining oʼziga xos xususiyatlari (chala tugʼilishi, tugʼilishda olgan jarohatlar, talvasa), yuqumli kasalliklar bilan ogʼrigan bemorlar bilan muloqotda boʼlgan yoki boʼlmaganligi hamda eng soʼnggi emlashdan keyin qancha vaqt oʼtgani aniqlanadi.

Аgar bola tana harorati koʼtarilishi bilan kechuvchi oʼtkir yuqumli kasalliklar (shamollash, angina, bronxit, gripp, zotiljam) bilan ogʼrigan boʼlsa, qoidaga muvofiq ushbu muolaja u sogʼaygunga qadar qoldiriladi. Shu bilan birga, bolaning allergik reaktsiyasi boʼlsa, shifokor bilan avvaldan zarur qoʼshimcha choralar toʼgʼrisida maslahatlashiladi.

Vaktsina olishga bir necha kun qolganda yoki emlashdan keyingi ilk kunlari bolaga yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini berish mumkin emas. Аgar kichkintoy koʼkrak suti bilan oziqlantirilsa, ona oʼz ratsioniga yangi yeguliklarni kiritmagani maʼqul.

Emlashdan keyin odatda shifokor yoki hamshira ota-onalarga emlash xonasidan uzoq boʼlmagan joyda 30 daqiqa kutib oʼtirishlarini tayinlaydi. Bu farzandni tinchlantirish hamda vaktsinaga nisbatan reaktsiyasi boʼlgan hollarda unga kerakli yordam koʼrsatish uchun zarur.

Shuningdek, mutaxassis zarur hollarda bolaga qancha dozada tana haroratini tushiruvchi vositalar berish mumkinligi va qanday belgilar kuzatilganda, shifokorga murojaat qilish kerakligi haqida maʼlumot beradi.

Emlashdan soʼng bolaga koʼproq suyuqlik ichirish lozim. Buning uchun gazlanmagan suv, achchiq boʼlmagan choy, moychechak damlamasi tavsiya etiladi. Biroq sharbatlar mumkin emas. Chunki bu ichimlik vaktsinadan keyin organizmning qarshi kurashini kuchaytirib, unga koʼnikishini uzoqlashtiradi.

Qolaversa, vaktsina olgach, (odatda 3 kun) odamlar yigʼiladigan joylarga borish, koʼpchilik bilan muloqot qilish tavsiya etilmaydi. Аyniqsa, emlangandan soʼng bolani yoʼtal, aksa urish, ich ketishi kabi yuqumli kasallik belgilari boʼlgan odamlar bilan muloqotda boʼlishining oldini olish zarur.

Bolaga koʼproq vaqt ajratib, birgalikda oʼynash, emlashdan keyin uning taomlanishi va qorni toʼqligiga eʼtibor berish kerak. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech