18:00 (22.05.2026)
29
Ekspertlarning taʼkidlashicha, 1990-yildan beri dunyoda ruhiy kasalliklarga chalingan odamlar soni deyarli ikki baravarga oshgan. Ularning soni qariyb 1,2 milliardga yetdi.
Bunday keskin oʻsish ruhiy kasalliklarni butun dunyo boʻylab nogironlikning asosiy sababiga aylantirdi. Ular yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va tayanch-harakat tizimi kasalliklaridan oʻzib ketdi.
Tadqiqot Sogʻliqni saqlash koʻrsatkichlari va baholash instituti (AQSH) hamda Kvinslend universiteti (Avstraliya) olimlari tomonidan oʻtkazildi. Ular 1990-yildan 2023-yilgacha boʻlgan davrda har ikki jins vakillari, 25 yosh guruhi va 204 mamlakat hamda hududlar orasida ruhiy kasalliklarning tarqalishi va ogʻirligi toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻpladilar.
Tadqiqotda 12 turdagi ruhiy kasallik baholandi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, 2019-yildan beri ogʻir depressiv holatlarning tarqalishi taxminan 24 foizga, xavotir buzilishlari esa 47 foizdan koʻproqqa oshgan.
Kasallik turlari yoshga qarab farq qilgan. Kichik yoshdagi bolalarda autizm spektri buzilishi, diqqat yetishmasligi/giperfaollik sindromi (DEGS), xulq-atvor buzilishi va idiopatik aqliy zaiflik eng koʻp tarqalgan boʻlib, bunda oʻgʻil bolalar qizlarga qaraganda koʻproq aziyat chekadi. Oʻsmirlik davrida xavotir va depressiya koʻproq uchraydi.
Olimlarning aniqlashicha, ruhiy kasalliklar bilan kasallanishning eng yuqori choʻqqisi 15–19 yoshga toʻgʻri keladi. Holbuki, bu shaxs rivojlanishidagi muhim davr boʻlib, munosabatlar qurish, taʼlim olish va ishga joylashishdagi keyingi muvaffaqiyatlarga taʼsir qiladi.
Ayollar ruhiy kasalliklardan erkaklarga qaraganda koʻproq aziyat chekadi (mos ravishda 620 mln va 552 mln holat).
Ruhiy kasalliklar bilan kasallanishning eng yuqori koʻrsatkichlari Yevropa (Niderlandiya, Portugaliya) va Avstraliya kabi yuqori daromadli mintaqalarda qayd etilgan. Ruhiy kasalliklar bilan kasallanishning sezilarli darajada oshishi, shuningdek, Saxaroi Kabirdan janubdagi Gʻarbiy Afrikada va Janubiy Osiyoning ayrim qismlarida ham kuzatilgan, deb xabar beradi «The Lancet».