17:57 (10.11.2025)

253

Buxorolik tibbiyot xodimlariga davlat mukofotlari topshirildi

Bugun Buxoro viloyati hokimligida sog‘liqni saqlash tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan sohasi vakillarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan Farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi. Tantanali marosimda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov inson salomatligini asrashdek ulug‘ va mas’uliyatli vazifani zimmasiga olgan shifokorlar va hamshiralarni, soha faxriylarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi tinmaygi mehnatlari uchun barcha tibbiyot xodimlariga chuqur minnatdorlik izhor etildi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi taqdirlanganlar qatori “Buxoro dori-darmon” MCHJ 1-Markaziy dorixonasi bo‘lim boshlig‘i Kurbanova Mavluda Raziqovnaga “Shuhrat” medalini tantanali ravishda topshirdi.

Mukofotni qabul qilib olar ekan Mavluda Qurbanova:
— Bunday yuksak e’tirof uchun avvalo davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildiraman. Ta’kidlashim kerakki, bu medal – nafaqat meniki, balki jamoamizning yutug‘i, jamiyatimiz rahbari Dilmurod Axatov boshchiligida olib borilayotgan samarali mehnatimizning e’tirofi deb bilaman.
Biz uchun inson salomatligini asrash — eng oliy vazifa. Shu yo‘lda bor kuchimizni berishga, mas’uliyat bilan xizmat qilishga hamisha tayyormiz, — dedi minnatdorlik va faxr hissi bilan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech