15:00 (08.01.2025)

173

Deputatlar elektron sigaretalarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 7-yanvar kuni boʻlib oʻtgan majlisda Oʻzbekistonda elektron sigaretalar muomalasini taqiqlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi.

Taqiq uchun asos

Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov elektron sigaretaning zarari haqida maʼruza qildi. Uning soʻzlariga koʻra, elektron sigaretalarda nikotindan tashqari 80 ga yaqin kanserogen, zaharli kimyoviy birikmalar va ogʻir metallar mavjud boʻlib, ular inson salomatligi va atrof-muhitga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Xususan, nikotinga qaramlik kuchayib, bolalar va oʻsmirlarda miya shakllanishi buzilishiga, intellektning pasayishiga, qobiliyat va koʻnikmalarning yomonlashishiga, tajovuzkorlikning rivojlanishiga, astma, bronxit, pnevmoniya, markaziy asab tizimi, buyrak va jigar faoliyatining buzilishiga, insult, infarkt va boshqa kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi.

Sogʻliqni saqlash vaziri DNK tuzilmasining shikastlanishi, ayollarda reproduktiv qobiliyatning pasayishi, shuningdek, homiladorlikda tugʻma kasalliklar va bolalar oʻlimi bilan bogʻliq mutagen taʼsirga eʼtibor qaratdi.

“Asosiy savol tugʻiladi: axir odamlar oddiy sigaretalarni ham chekishadi, bu keng tarqalgan usul. Statistika bilan oʻrtoqlashaman. Nima uchun biz tarkibida nikotin va sunʼiy xushboʻy moddalar boʻlgan elektron sigaretalarni taqiqlash tashabbusi bilan chiqyapmiz? Kuzatishlarga qaraganda, oddiy sigaretalarni katta yoshdagi odamlar chekadi. Oʻzbekiston bozoriga jozibador taʼsirga ega xushboʻy sigareta ishlab chiqaruvchilar kirib kelganidan soʻng yoshlar, ayniqsa, oʻquvchilar va afsuski, qizlar oʻrtasida tahdid paydo boʻldi va ularni isteʼmol qilish keskin oshdi”, — dedi Asilbek Xudayarov.

2023-yilda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mamlakatlarni elektron sigaretalar tarqalishini nazorat qilish uchun “tezkor choralar” koʻrishga, shu jumladan xushboʻy veyplarni taqiqlashga chaqirgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 37 mamlakatda, jumladan Argentina, Braziliya, Shimoliy Koreya, Hindiston, Eron, Iroq, Norvegiya, Singapur, Turkiya, Turkmanistonda elektron sigaretalar muomalasi taqiqlangan. Qozogʻistonda ham elektron sigaretalar muomalasini taqiqlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda. Buyuk Britaniya 1-iyundan boshlab bir martalik veyplarni sotishni taqiqlaydi.

Asilbek Xudayarov bu sohada zudlik bilan zarur choralar koʻrilmasa, mahsulotni isteʼmol qiladigan yoshlar katta boʻlgandan keyin oddiy sigaretalardan uch barobar koʻp chekishni boshlashi mumkinligini aytdi.

Loyihaga tuzatishlar

Hozirda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonunning 37-moddasiga asosan chekilmaydigan tamaki mahsulotlarini, shu jumladan, tarkibida nikotin mavjud boʻlgan chekilmaydigan mahsulotlarni, tarkibida mahsulotning jozibadorligini oshirishga qaratilgan moddalar yoki nikotinga qaramlikni oshiradigan qoʻshimchalar mavjud boʻlgan nikotinli va nikotinsiz suyuqliklarni, nikotinli va nikotinsiz suyuqliklari boʻlgan tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarini, shuningdek elektron sigaretalarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish (shu jumladan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali olib kirish) hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Qonun loyihasi bilan nikotin yetkazish qurilmalari (veyplar), shu jumladan, elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklar muomalasini, xususan, ularni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish, shuningdek, Oʻzbekiston hududiga olib kirish va olib chiqishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Hujjat bilan ushbu sohadagi javobgarlik ham belgilanmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 186−1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning (etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) moddalarini tamakini isitish tizimi bilan toʻldirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, chekilmaydigan tamaki mahsulotlari va nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan, elektron sigaretalarni noqonuniy muomalaga kiritganlik uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlikni joriy etish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, huquqbuzar oʻz aybiga ixtiyoriy ravishda iqror boʻlib, huquq-tartibot organlarini xabardor qilgan taqdirda, uni javobgarlikdan ozod qilish taklif qilinmoqda.

Sogʻliqni saqlash vaziri 6-yanvar kuni partiyalar fraksiyalari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda loyiha faol muhokama qilingani va qonunni ikkinchi oʻqishga qadar maromiga yetkazish uchun asos boʻladigan turli tuzatishlar taklif qilinganini taʼkidladi.

Uning taʼkidlashicha, gap ikki turdagi elektron sigaretalarni taqiqlash haqida ketmoqda:

“Biz kichik tadqiqot oʻtkazdik. Xodimlarimiz bir nechta [elektron sigaretalar] namunalarini sotib olishdi, biz ularni taqqosladik. Elektron sigareta isteʼmolchilarining aksariyati „oʻzini hurmat qiladi“ va qimmatroq tamaki mahsulotlarini chekish uchun elektron tizimlarni sotib olish imkoniyatiga ega. Birinchi bosqichda biz ularni taqiqlamaymiz, cheklamaymiz. Bu yerda gap tarkibida maʼlum miqdorda nikotin yoki shubhali kimyoviy moddalar boʻlgan xushboʻylashtirilgan sigaretalar, yaʼni yoshlar orasida keng tarqalgan sunʼiy elektron sigaretalar haqida ketmoqda”, — dedi u.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tahlillariga koʻra, oʻsmirlar va yoshlar elektron sigaretalarni kattalarga nisbatan 3 barobar koʻp isteʼmol qiladi. 18−29 yoshdagi aholi orasida tamaki isitish tizimlaridan foydalanish darajasi 30−69 yoshdagilarga nisbatan 2,5 baravar yuqori.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech