17:50 (20.11.2025)
89
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi hamda hududlardagi jamiyatlarga qarashli dorixonalar rahbar va xodimlari uchun navbatdagi o‘quv seminari onlayn va oflayn formatda tashkil etildi.
Mazkur o‘quvning maqsadi – dorixona mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, bozordagi yangi preparatlar haqida ilmiy-amaliy ma’lumot berish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashdan iborat.
Dastlab kompaniyaning tijorat direktori Ramil Abdulov tomonidan dorixonalarning noyabr oyi boshidan buyon amalga oshirgan savdo hajmi, ko‘rsatkichlarni tahlil qilish va ish samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, oy boshidan buyon dorixona savdo hajmini sezilarli darajada oshirgan dorixona mudirlari e’tirof etilib, ularning tajribasini boshqa shahobchalar faoliyatida qo‘llash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, kelgusi oylarda savdo dinamikasini yanada oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘quv -seminarida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoyning "Mu Lin Sen" farmatsevtika kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Ular an’anaviy va zamonaviy tibbiyotda keng qo‘llanilayotgan bir qator preparatlar, ularning tarkibi, qo‘llanilishi, foydali xususiyatlari, yon ta’sirlari haqida atroflicha ma’lumotlar berib o‘tdi.
Taqdimat qilingan dori vositalaridan biri T-Life bo‘lib – umumiy sog‘lomlashtirishga yordam beruvchi, immunitet va organizm funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan preparat.
Neoderm – teri parvarishi va dermatologik holatlarni yumshatishga qaratilgan antibakterial, yallig‘lanishga, zamburug‘larga qarshi krem.
“Jemchujniy kalsiy” – kalsiy bilan boyitilgan, organizmning suyak strukturasini mustahkamlashda yordam beruvchi qo‘shimcha sifatida taqdim etildi.
Taqdimotdan so‘ng interaktiv savol-javob sessiyasi tashkil etildi.
Ma’lumot uchun “Mu Lin Sen” –Xitoyda ishlab chiqarilgan dori vositalarini targ‘ib qilish va distribyutorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bo‘lib, Xitoyning eng yirik va xalqaro GMP standartlari asosida ishlab chiqaruvchi farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyaning maqsadi – sifatli va ishonchli dori vositalarining bozorini kengaytirish, aholiga samarali tibbiy mahsulotlar yetkazishdir.