09:06 (24.11.2022)
2664
Bosh prokuratura huzuridagi Departament DXXning Sergeli tumani boʼlimlari tomonidan oʼtkazilgan tezkor tadbirda, “N.F.” MChJ menejeri B.I. va boshqalar dori vositalarini dorixonalardan tashqarida muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni koʼzlab, fuqaro Sh.Ya.ga 1 700 quti “Teraflyu” va 500 quti “Imudon” nomli dori vositalarini 132,4 mln soʼmga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, fuqaro S.А. va “A.Z.” MChJ rahbari M.А. 2 100 quti “Magne B6” nomli dori vositasini fuqaro M.Ya.ga 121,8 mln soʼmga sotishga kelishib, oldindan 1 mln soʼmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Pop tuman boʼlimi tomonidan IIB va DSI xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro I.E. tegishli hujjatlari boʼlmagan 149 turdagi 136,8 mln soʼmlik dori vositalarini Toshkent shahrida oʼtkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Kogon shahar boʼlimi tomonidan IIB bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda esa, “S.K.” MChJga qarashli dorixonada tegishli hujjatlari boʼlmagan 357 dona “Gabaten”, 200 dona “Fenibut”, 170 dona “Karbamazapin”, 45 dona “Mezakar” nomli dori vositalari hamda 99 dona oq qizil rangli kapsulalar va 232 dona paketchada “Margantsovka” kukuni ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) va 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari oʼtkazilmoqda.