13:50 (26.12.2023)

1076

Dori vositalarining savdosi holati qanday?

Sogʻliqni saqlash sohasi inson hayoti bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan muhim tarmoq. Mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish, aholini zarur va sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash tizimida elektron retsept tizimini joriy etish, farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlaridan kelib chiqib, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan farmatsevtika korxonalarida yuzdan ortiq xalqaro va milliy standartlar joriy qilingan. Natijada Oʻzbekistonning farmatsevtika bozorida oʻsish dinamikasi yiliga 8-10 foizni tashkil etib, MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan shunday bozorlar qatoridan oʻrin egallamoqda.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar natijadorligini nazorat-tahlil tartibida oʻrganib kelmoqda. Mazkur jarayonlarda sohada erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham mavjudligi aniqlangan.  

Oʻzbekiston Respublikasi raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda roʻyxatga olingan dori vositalarining 80 foiziga referent narxlar shakllantirilgan. Qoʻmitaning “FAIR TECH” yagona axborot tizimida dori vositalarining ulgurji va chakana savdosida narxlarni referent narxlar bilan avtomatik tarzda solishtirish hamda huquqbuzarliklarni aniqlash imkoniyati yaratilgan.  

Mazkur tizimga kelib tushayotgan maʼlumotlar tahlil etilganda bir oyda chakana savdoda oʻrtacha 400 mingdan ortiq, ulgurji savdoda 250 mingdan ortiq huquqbuzarliklar qayd etilgani kuzatilgan. Ushbu holatlarning sabablarini oʻrganish davomida referent narxlar reestridagi 2,7 mingta dori vositalarining narxlari soʻnggi uch yilda qayta koʻrib chiqilmagani, import qilinadigan dori vositalarining qiymatini hisob-kitob qilishda xarajatlar miqdori toʻliq inobatga olinmagani, ayrim dori vositalari boʻyicha ikki xil chakana referent narx oʻrnatilgani kabi omillar kuzatilgan.  

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida sogʻliqni saqlash vaziri A.Inoyatovga “Mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi holati toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish boʻyicha qaror qabul qilindi. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech