09:00 (19.01.2024)
488
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab tamaki isteʼmolchilari soni 1,25 milliard kishigacha kamaydi (kattalarning har besh nafaridan biri), 2000-yilda bu koʻrsatkich har 3 kishiga bir nafarni tashkil etardi.
JSST hisobotiga koʻra, tamaki isteʼmolining qisqarishi 150 ta mamlakatda qayd etilgan. Xususan, Braziliyada 2010-yildan beri tamaki isteʼmoli 35 foizga kamaydi, Niderlandiya esa 30 foizlik koʻrsatkichga erishishga yaqin turibdi.
“Soʻnggi yillarda tamaki nazorati sohasida yutuqlarga erishildi, ammo hozir xotirjam boʻladigan vaqt emas”, — dedi JSST sogʻliqni saqlash boʻyicha direktori Ryudiger Krex. Uning taʼkidlashicha, tamaki sanoati “son-sanoqsiz hayotlar evaziga foyda ortidan quvmoqda”. Shuningdek, “sogʻliqni saqlash siyosatini manipulyatsiya qilish hamda oʻzining halokatli mahsulotlarini sotish imkoniyatidan foydalanmoqda”.
Shuning uchun JSST mamlakatlarni tamakiga qarshi kurashni davom ettirishga va tamaki sanoati taʼsiriga qarshi turishga chaqiradi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, Janubi-Sharqiy Osiyoda tamaki isteʼmol qiladigan aholining eng yuqori ulushi 26,5% ni tashkil qiladi. Yevropa mintaqasida bu koʻrsatkich 25,3% ni tashkil etadi. Yevropa mintaqasidagi ayollar oʻrtasida tamaki isteʼmoli global oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp va pasayish boshqa mintaqalarga qaraganda ancha sekinroq.
Oʻzbekistonda, JSST hisob-kitoblariga koʻra, bugungi kunda tamaki isteʼmolchilari soni 3,83 mln kishini tashkil etadi, ulardan 3,71 millioni erkaklar va 123 ming nafari ayollardir.
JSST prognozlariga qaraganda, 2025-yilga borib dunyoda tamaki isteʼmoli 2010-yilga nisbatan 25 foizga kamayadi. Dunyoning faqat 56 ta davlati 30 foizga qisqarishga erishadi. Tashkilot qayd etishicha, Kongo, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Ummon va Moldova kabi baʼzi mamlakatlarda tamaki isteʼmoli oʻsishda davom etmoqda.