09:00 (14.03.2024)

998

“Elektron poliklinika” tizimining takomillashgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi

Oilaviy poliklinikalarda bemorlarni eng koʻp qiynaydigan masala nima? Shifokor qabuliga uzundan uzoq navbat kutish, albatta. Bu holat, ayniqsa, yosh bolali ayollar, homiladorlar va ogʻir bemorlarga qiyinchilik tugʻdirishi bor gap.

Bu muammoning yechimi esa bitta! U ham boʻlsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etishdir.

Shundan kelib chiqqan holda bugun yurtimizda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan birlamchi boʻgʻinda “Elektron poliklinika” axborot tizimining bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi soha xodimlari va bemorlar uchun ayni muddao boʻlmoqda.

Kuni kecha poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimining takomillashtirilgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

 Xoʻsh, ushbu loyihaning afzalliklari nimada? U bemorlar, shifokor va hamshiralar uchun qanday qulayliklar yaratadi?

 — Gap shundaki, avvalgi tizimdan farqli oʻlaroq, mazkur dasturning patronaj xizmati raqamlashtirilib, “Elektron retsept” (reimbursatsiya) tizimi joriy etilgan, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi boʻlim boshligʻi Nodir Eshnazarov. — Shuningdek, unda real vaqt rejimida statistik maʼlumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid shaxsiy maʼlumotlarni yetarli darajada himoyalash taʼminlangan hamda axborot tizimlar oʻzaro integratsiya qilingan.

 Qayd etish kerak, takomillashtirilgan “Elektron poliklinika” axborot tizimining joriy etilishi hisobiga avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan boʻlsa, endilikda mutaxassis koʻrigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqaradi.

 Qolaversa:

  •  avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi;
  •  tibbiy maʼlumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi;
  •  tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va Elektron hukumat platformalari bilan integratsiya qilindi.

 Mazkur yangilikning yana bir qulayligi shundaki, oilaviy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat koʻrsatish rejimiga oʻtiladi. Yaʼni fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar soʻrash bilan ortiqcha vaqt yoʻqotilishi va ovoragarchiliklarga chek qoʻyiladi.

Shuningdek, uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor statsionar davolanishlar yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanishi va oʻziga tegishli tibbiy maʼlumotnomalar bilan masofaviy tanishish imkoniga ega boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Elektron poliklinika” tizimining takomillashtirilgan yangi talqinining yoʻlga qoʻyilishi sogʻliqni saqlash muassasalari oʻrtasida tibbiy maʼlumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, sohani davr talablariga moslashtirish orqali uni modernizatsiya qilishga yordam beradi.

Eng asosiysi, yangi tizim tibbiyotni tom maʼnoda aholiga yaqinlashtirib, shifokor qabuliga boʻladigan uzundan uzoq navbatlarga chek qoʻyadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech