08:43 (11.07.2024)
661
Elektron retsept — yagona elektron retseptlar maʼlumotlar bazasini shakllantirish va vrachning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassisga dori preparatini tayyorlash va (yoki) berish hamda uning qoʻllanilish usuli toʻgʻrisidagi koʻrsatmasini tezkor ravishda olish imkonini beruvchi elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiyalash imkonini beradigan boshqa rekvizitlarga ega boʻlgan elektron hujjat. Elektron retsept axborot texnologiyalari va axborot tizimlari xizmatlari hamda texnik vositalardan foydalangan holda yaratiladi, qayta ishlanadi va saqlanadi.
Elektron retsept quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
- ambulatoriya muassasasining nomi;
- retsept raqami va berilgan sanasi;
- bemorning toʻliq ismi-sharifi, tugʻilgan yili va sanasi, yoshi, jinsi;
- XKT-10 boʻyicha tashxis;
- dori vositasining XPN boʻyicha nomi;
- dori shakli, dozalanishi va dozalash tartibi;
- shifokorning familiyasi, ismi, sharifi va telefon raqami;
- elektron retseptni tasdiqlash uchun masʼul shifokorning familiyasi, ismi, sharifi.
Reimbursatsiya tizimi doirasida arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11 turdagi dori vositasi kiritilgan.
"Dori-Darmon" AK tomonidan 2023-yil davomida 962,6 mln. soʻmlik, 2024-yilning 1-choragi davomida 108,8 mln. soʻmlik dori vositalari elektron retsept orqali bemorlarga bepul berildi.