08:51 (28.02.2024)
1540
Ijtimoiy tarmoqda keng muhokamaga sabab boʼlgan, "Farengoforte" spreyining ishlab chiqarish jarayoni aks etgan video boʼyicha Sanepidqoʼmita mutaxassislari ishlab chiqaruvchi tadbirkor bilan bogʼlanib, mavjud xujjatlarini oʼrganib chiqdi.
Oʼrganish natijalariga koʼra, "Farengoforte" gigiyenik vosita boʼlib, “MENGARIS PHARMACEUTICAL” MChJ korxonasi tomonidan ishlab chiqariladi. Tadbirkor ushbu mahsulotni ishlab chiqarish uchun 2020 yilda qoʼmitadan ruxsatnoma, xududiy boʼlimidan sanitariya-epidemiologik xulosa va muvofiqlik organidan muvofiqlik sertikatlarini olib ishlab chiqarishni boshlagan.
“MENGARIS PHARMACEUTICAL” MChJ ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun olgan ruxsatnoma, sanitariya-gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlarida korxona manzili: Toshkent viloyati Zangiota tumani Xonobod QFY Nurli Hayot koʼchasi 85-uy koʼrsatilgan. Biroq hozirgi kunda Toshkent shahar Yangiobod tumani Ohangrabo 1 manzilida faoliyat yuritmoqda va mahsulotlarni ushbu manzilda ishlab chiqarmoqda.
Tadbirkorga amaldagi qonunchilikka koʼra, korxona binosi yangi manzilga koʼchirilganda yangi ishlab chiqarish manziliga qayta ruxsatnoma olishi lozim ekanligi tushuntirildi.
MChJ rahbari oʼz tashabbusi bilan yangi ishlab chiqarish manziliga ruxsat etishga oid xujjatlarni qayta rasmiylashtirgunga qadar faoliyatini vaqtinchalik toʼxtatdi.
Ijtimoiy tarmoqda muhokama boʼlgan video boʼyicha qoʼmita mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib oʼrganilganda, tadbirkor haqiqatdan ham ushbu video “MENGARIS PHARMACEUTICAL” MChJ korxonasiga tegishli boʼlib, bundan 2 yil oldin olingan video ekanligi va ushbu holat hozirda bartaraf etilganligini maʼlum qilgan
Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasi “Farengoforte” savdo nomidagi mahsulot aslida dori vositasi sifatida davlat roʼyxatidan oʼtkazilmaganligi va tibbiyot amaliyotida qoʼllash uchun ruxsat berilmaganligini maʼlumom qilib, Oʼzbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shugʼullanuvchi (idoraviy mansubligidan, mulkchilik va boshqaruv shaklidan qatʼiy nazar) barcha tashkilotlar va yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirib, “Farengoforte” mahsulotini realizatsiya qilmasligini soʼradi.
Shu oʼrinda eslatib oʼtamiz, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati” toʼgʼrisidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilgan dori vositalarining gʼayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.