16:00 (09.06.2026)
54
Adliya vazirligida Zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiqligi yuzasidan farmatsevtik inspeksiyadan oʻtkazish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlar miqdorini aniqlash tartibi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3847, 2026-yil 4-iyun).
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi 788-son qarorida farmatsevtik inspeksiyalarni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan.
Idoraviy hujjat bilan esa aynan ushbu turdagi toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibi belgilab berildi.
Hujjatga koʻra, toʻlovlar farmatsevtik inspeksiya oʻtkazish uchun mehnat vaqti normasi (soatlarda) va dori vositalari koeffitsiyentidan iborat boʻladi.
Hujjatni qayta ishlash jarayonida manfaatdor idoralar bilan kelishish hamda koʻplab muhokamalar natijasida toʻlovlar miqdorlari amaldagisidan sezilarli darajada kamaytirildi.
Masalan, ayrim toʻlovlar mahalliy korxonalar uchun 38 mln soʻmgacha, xorijiy korxonalar uchun 103 mln soʻmgacha arzonlashdi.
Misol uchun:
➖ Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP) boʻyicha – 15 foizga;
➖ Zarur klinika amaliyoti (GCP) boʻyicha 27 foizga;
➖ Zarur laboratoriya amaliyoti (GLP) boʻyicha 38 foizga;
➖ Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP) boʻyicha 33 foizga arzonlashdi.
Shuningdek, inspeksiya nazorati (davriy) uchun toʻlovlar farmatsevtik inspeksiya uchun belgilangan toʻlovlarning uchdan bir qismi miqdorida toʻlanishi belgilandi.