11:40 (30.04.2026)

40

Yosh farmatsevtlar bilan uchrashuv

Yoshlar kuni munosabati bilan Andijon viloyatida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda soha taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini e’tirof etish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy va amaliy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, “Andijon Dori-Darmon” AJ Boshqaruv raisi Shuxratbek Ro‘ziboyev tashabbusi bilan Jalaquduq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan dori-darmon shahobchalarida mehnat qilayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida, o‘zaro ishonch va konstruktiv fikr almashish muhitida bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida yosh mutaxassislarning farmatsevtika sohasidagi amaliy faoliyati, ularning kundalik ish jarayonida duch kelayotgan muammolari, mavjud imkoniyatlardan foydalanish darajasi hamda kelgusidagi rejalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy yondashuvlar, raqamlashtirish jarayonlari va yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuv jarayonida yosh xodimlar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy takliflarni ilgari surdilar.

Tadbir yakunida yoshlarning faolligini rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va kasbiy o‘sishiga ko‘maklashish bundan buyon ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech