18:00 (22.08.2025)
85
Robert Kox instituti va Vashington universiteti tomonidan oʼtkazilgan tadqiqot natijasiga koʼra, faqat 2019 yilning oʼzida Germaniyada davolashga chidamli bakteriyalar (infektsiyalar) sababli taxminan 45,7 ming kishi hayotdan koʼz yumgan.
Tadqiqot shuni koʼrsatdiki, bu oʼlimlarning 9,600 ga yaqini toʼgʼridan-toʼgʼri qarshilik bilan bogʼliq boʼlishi mumkin, yaʼni agar bakteriyalar chidamli boʼlmaganida bemorlar omon qolishi mumkin edi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, bu holat antibiotiklardan notoʼgʼri va nazoratsiz foydalanish natijasida yuzaga kelgan boʼlib, sogʼliqni saqlash tizimi uchun jiddiy xavf tugʼdirmoqda.
Jahon miqyosida ham vaziyat tashvishli. Sogʼliqni saqlashni baholash instituti (IHME) tomonidan oʼtkazilgan tadqiqotga koʼra, 2021 yili dunyo boʼylab antibiotiklarga chidamli bakteriyalar sabab boʼlgan infektsiyalar natijasida taxminan 1,14 million kishi vafot etgan.
Olimlarning taʼkidlashicha, bunday xavfli vaziyatning asosiy sababi — antibiotiklarni ortiqcha va notoʼgʼri qoʼllashdir. Bu esa antibiotiklarga chidamli shtammlarning tirik qolishi va keng tarqalishi uchun sharoit yaratadi.
Robert Kox instituti mutaxassislari taʼkidlashicha, «antibiotiklarga chidamlilikni kamaytirishning kaliti — antibiotiklarni maqsadli va toʼgʼri qoʼllashdir».
Eng koʼp oʼlim holatlari qon aylanish tizimi infektsiyalari, nafas yoʼllari yalligʼlanishi hamda qorin boʼshligʼidagi yalligʼlanishlar natijasida yuz bergan.