16:40 (26.11.2025)

20

Hindistonda yo‘talga qarshi sirop oqibatida kamida 24 nafar bola vafot etdi – Reuters

Coldrif siropini ichgan bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan. Hindiston hukumati sirop ishlab chiqaruvchiga tarkibiy qismlardan birini yetkazib berishda xavfsizlik qoidalari buzilganlik ehtimolini o‘rganyapti.

Hindistonda kamida 24 nafar bola Sresan Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif yo‘tal siropini iste’mol qilish oqibatida vafot etgan, deya xabar berdi Reuters.

Ayni paytda hukumat sirop ishlab chiqaruvchiga tarkibiy qismlardan birini yetkazib berishda xavfsizlik qoidalari buzilganlik ehtimolini o‘rganyapti. Qayd etilishicha, Sresan Pharmaceuticals mahalliy kimyoviy mahsulotlar distribyutori Sunrise Biotech’dan siropdagi faol moddalarni eritishda qo‘llanadigan 50 kg propilenglikol xarid qilgan. O‘z navbatida, Sunrise Biotech mahsulotni Jinkushal Aroma’dan sotib olganini ma’lum qilgan.

Reuters’ga ko‘ra, har ikkala kompaniyaning ham farmatsevtik tarkibiy qismlarni qayta ishlash uchun litsenziyalari bo‘lmagan. Kompaniya egalari sotilgan propilenglikol dori ishlab chiqarishda ishlatilishini bilmaganliklarini bildirgan. Xususan, Sunrise Biotech kompaniyasi Reuters’ga yetkazib berishdan oldin erituvchini yetarlicha muhrlamasdan qadoqlaganini tasdiqlagan.

Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda aniqlangan xavfli suyuq dori vositalari haqida ogohlantirgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Sresan Pharmaceutical, Rednex Pharmaceuticals va Shape Pharma tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif, Respifresh TR va ReLife kabi preparatlarning ba’zi partiyalari xavf tug‘diradi. Hindiston davlat organlari ushbu dori vositalarini ishlab chiqarishni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risida buyruq bergan va ularga berilgan ruxsatnomalarni qaytarib olgan.

Oktabr oyi boshida Hindistonda politsiya Madxya-Pradesh shtatida 17 nafar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar vafot etganidan so‘ng Coldrif yo‘tal siropi ishlab chiqaruvchi Sresan Pharmaceuticals farmatsevtika kompaniyasi egasini hibsga olgandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech