14:55 (28.11.2024)
51
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash “Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi toʻgʻrisida” gi Nizomga muvofiq 3 bosqichda aniqlanadi.
1-bosqichda davolash-profilaktika muassasasining vrachi tasdiqlangan nomdagi dori vositalari hamda tibbiyot buyumlariga muvofiq belgilangan davrda bemorlarni taʼminlash uchun zarur boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari, shuningdek tibbiyot buyumlariga hisoblab chiqadi hamda muassasada doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasiga taqdim etadi.
2-bosqichda davolash-profilaktika muassasasining doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasi rejalashtirilayotgan yil uchun davolash-profilaktika muassasasi boʻyicha ehtiyojni umumlashtiradi, tahlil qiladi va yigʻma ehtiyojni tasdiqlaydi. Tasdiqlangan ehtiyojni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasiga taqdim etadi.
3-bosqichda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasi davolash-profilaktika muassasalarining ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga boʻlgan ehtiyojini tahlil qilib, tegishli hududning ularga boʻlgan haqiqiy ehtiyojini shakllantiradi va tasdiqlaydi.
Tegishli hudud boʻyicha haqiqiy ehtiyoj Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasiga respublikaning yillik ehtiyojini shakllantirish uchun yuboriladi.
Respublikaning yillik ehtiyoji Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasi majlisida shakllantiriladi, unga tuzatishlar kiritiladi va tasdiqlanadi. Keyin esa Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni tizimli asosda nazorat qilish boʻyicha respublika komissiyasiga topshiriladi.
Dorixonalar ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga boʻlgan ehtiyojni tovarning nomenklatura boʻyicha qolgan miqdorini hisobga olish, elektron bazaga kiritilgan retseptlarni va tovar cheklarini hisobga olish asosida uning haqiqatdan sotilgani haqidagi maʼlumotlar boʻyicha aniqlaydi. Agar elektron maʼlumotlar bazasi mavjud boʻlmasa, dorixonalar xodimlari ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari toʻgʻrisidagi axborotni bunday dori vositalarini berish haqidagi maʼlumotlardan tovar cheklariga qarab oladi. Ushbu maʼlumotlar asosida ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining dorixonalarda muomalada boʻlishi toʻgʻrisidagi hisobot shakllantiriladi.