17:50 (05.05.2025)
125
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning ijrosini Buxoro va Samarqand viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda farmatsevtika sohasini isloh qilish, aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika muomalasini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatida 13 ta ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi litsenziyalangan subyektlar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 12 tasi GPP (Good Pharmaceutical Practice) standarti bo‘yicha sertifikat olib, faoliyatni amaldagi texnik va sanitariya qoidalariga muvofiq tarzda tashkil etgan. Barcha ulgurji omborxonalar dori vositalarning haroratga nisbatan sezgirligi va sifatini ta’minlash maqsadida maxsus harorat rejimini saqlovchi avtomobillar bilan ta’minlangan.
Shuningdek, viloyatda jami 876 ta dorixona va dorixona shaxobchalari faoliyat yurityapti. Ulardan 128 ta ijtimoiy dorixona “Buxoro Dori-Darmon” MCHJga, yana 40 ta ijtimoiy dorixona “Madadkor Pharm” MCHJga tegishli bo‘lib, aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan ta’minlashga ixtisoslashgan.
Buxoro viloyatida dori vositalarini ishlab chiqarish faoliyati to‘g‘ridan to‘g‘ri tibbiyot muassasalarida emas, balki xususiy farmatsevtik subyektlar, klasterlar va ulgurji subyektlar orqali amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda bugungi kunda Samarqand viloyatida ham dori vositalari savdosi va farmatsevtika faoliyatini doimiy nazorat qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Jumladan, viloyat bo‘yicha 2024-yilda 47 ta seriyadagi 4 052 920 shartli o‘ramdagi tibbiy buyumlar uchun 9 ta, joriy yilning birinchi choragida esa 15 ta seriyadagi 8 081 640 hamda 3 ta seriyadagi 210 shartli o‘ramdagi tibbiy buyumlar uchun jami 8 ta muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining viloyatdagi filialida mikrobiologik va kimyoviy laboratoriyalar tashkil etilgan.
Munozaralarda deputatlar tomonidan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarning fikrlari eshitildi. Ushbu sohada olib borilayotgan ishlar e’tirof etilib, yechimini kutayotgan ayrim masalalar borligi qayd etildi.
Tegishli idora va tashkilotlarga dori vositalari muomalasiga oid ma’lumotlarni markazlashtirilgan elektron axborot tizimida yuritish, aholiga qulaylik yaratish va narxlar shaffofligini ta’minlash, ijtimoiy dorixonalar sonini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.