09:00 (14.08.2025)
49
Endi operatsiya uchun kesilgan tana qismlarini yangi tibbiy yelim yordamida birlashtirish mumkin. Mazkur modda nam toʻqimalarga atigi 30 soniya ichida yopishib qoladi. Buning uchun uni maxsus koʻk nur bilan yoritish kifoya. Qalinligi va suvni itaruvchi (gidrofob) xususiyati yelimning hatto hoʻl yuzalarda ham mustahkam turishini taʼminlaydi.
Uzoq yillardan buyon jarrohlar tanadagi kesilgan joy yoki katta jarohatlarni yopish uchun maxsus ip (shv)lar yoki skobalardan foydalanib keladi. Bu usullar sodda va sinovdan oʻtgan boʻlsa-da, oʻziga yarasha noqulayliklarga ham ega.
Tikuv iplari bilan bitgan jarohatlarda koʻpincha dagʻal chandiqlar qoladi. Baʼzan iplar boʻshashib, yara ochilib ketadi va tiklanish toʻliq boʻlmaydi. Metall skobalar esa atrofdagi toʻqimalarni tirnashi yoki shikastlashi mumkin.
Eng qiyini – nervlar va qon tomirlarni tiklash. Ular juda nozik boʻlgani uchun har qanday qoʻshimcha jarohat mazkur organlarning ishlashiga jiddiy toʻsqinlik qiladi. Shu sabab olimlar shikastlangan tana qismlarini davolash, toʻqimalarni birlashtirishning anʼanaviy usullariga muqobil, xavfsiz va samaraliroq yondashuvlarni izlashda davom etmoqda.
Mazkur masalaga bagʻishlangan tadqiqotlardan biri AQSHdagi Massachusets texnologiya instituti (MIT)da oʻtkazilib, yorugʻlik nuri yordamida qotuvchi maxsus tibbiy yelim ishlab chiqildi. U nam toʻqimalarga 30 soniya ichida yopishadi, vaqt oʻtishi bilan tanada erib ketib, iz qoldirmaydi.
Ushbu tadqiqot dastlab bir aspirantning polimerlar boʻyicha ilmiy loyihasi boʻlib boshlangan. Keyinchalik u laboratoriya hayvonlarida yurakdagi teshiklarni xavfsiz “yopish” usuli sifatida qoʻllangan.
2013-yilda mazkur loyiha asosida Tissium nomli kompaniya tashkil etilgan. Uning faoliyati jarrohlik amaliyotlarida foydalaniladigan eski tikish usullarini jarohatga kam zarar yetkazadigan va samarali texnologiyalar bilan almashtirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan.
Tissium kompaniyasining birinchi mahsuloti — Coaptium Connect tizimi. U qoʻl yoki oyoq barmoqlaridagi uzilgan nervlarni qayta ulash uchun ishlatiladi. Tizim uchta asosiy qismdan iborat:
- Maxsus tibbiy yelim: nerv uchlarini bir-biriga mustahkam yopishtiradi.
- 3D-printerda tayyorlangan maxsus qobiq: nerv uchlari toʻgʻri joylashishi uchun ularni oʻrab turadi.
- Koʻk yorugʻlik nuri: yelimni 30 soniyada qotiradi.
Jarrohlar avval nerv uchlarini qobiq ichiga joylaydi, ustiga yelim surtadi, soʻng koʻk yorugʻlik bilan yoritadi. Natijada nervlar mustahkam yopishadi va vaqt oʻtishi bilan yelim tanada erib ketadi, iz qoldirmaydi.
Klinik sinovlarda 12 nafar bemor ishtirok etgan, natijalarga koʻra, ularning hammasida barmoqlar harakati toʻliq tiklangan. Taqqoslash uchun, anʼanaviy tikish usulida bunday natija atigi 54 foiz hollarda qayd etilgan.
Tadqiqotchilar kelgusida mazkur texnologiyadan churrani davolash, yurak yamogʻi va jarrohlikning boshqa sohalarida ham foydalanish usullarini ishlab chiqish ustida izlanish olib bormoqda.