12:30 (18.05.2026)
45
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) va Ugandadagi Ebola epidemiyasi munosabati bilan xalqaro ahamiyatga ega favqulodda vaziyat rejimi joriy etilganini ma’lum qildi. Tashkilot bayonotida aytilishicha, kasallanganlar soni va kasallikning geografik tarqalishi bo‘yicha aniqsizliklar saqlanib qolmoqda.
JSST ta’kidlashicha, gap pandemiya haqida emas, balki epidemiya haqida ketmoqda. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, KDRning uchta hududida Ebolaga bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan 80 ta o‘lim holati va 246 ta ehtimoliy kasallanish holati aniqlangan. Shulardan sakkiztasi laboratoriyada tasdiqlangan. Uganda poytaxti Kampala shahrida esa 15–16 may kunlari KDRdan kelgan ikki nafar shaxsda virus laboratoriya tekshiruvi orqali tasdiqlangan, ulardan biri vafot etgan.
KDR sog‘liqni saqlash vaziri Samuel Roje Kamba 15 may kuni mamlakatda Ebola isitmasining yangi o‘chog‘i aniqlanganini rasman e’lon qildi. Epidemiya markazi Ituri provinsiyasining Mongbvalu va Rvampara hududlarida joylashgan. Ilk bemor Bunia shahrida ishlagan hamshira bo‘lib, u bir necha kun avval vafot etgan. Unda Ebola virusining Bundibugio deb ataluvchi turi aniqlangan. Asosiy muammo shundaki, keng tarqalgan Zair turidagi Ebola virusidan farqli ravishda, Bundibugio turiga qarshi vaksina mavjud emas.
Ebola virusi insonga yovvoyi hayvonlar orqali yuqadi. Kasallikning dastlabki belgilari — isitma, mushaklarda og‘riq, bosh og‘rig‘i va tomoq og‘rig‘i. Keyinchalik buyrak va jigar faoliyati buziladi, ayrim hollarda ichki va tashqi qon ketishlari kuzatiladi. Insonda Ebola virusi bilan kasallanishning ilk holati 1976-yilda hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi hududida qayd etilgan. Eng yirik epidemiya 2014–2016 yillarda G‘arbiy Afrikada — Gvineya, Liberiya va Syerra-Leone hududlarida kuzatilgan. O‘shanda qurbonlar soni 11 ming nafardan oshgan.