Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) chaqaloqlar uchun maxsus ishlab chiqilgan ilk bezgak dori vositasini ma’qulladi.
Bu haqda tashkilotning rasmiy bayonotida ma’lum qilingan. Artemeter va lyumefantrin birikmasidan iborat ushbu yangi dori vazni 5 kilogrammdan kam bo‘lgan chaqaloqlar uchun xavfsiz deb topilgan birinchi preparatdir. Shu vaqtgacha chaqaloqlar yoshi kattaroq bolalar uchun mo‘ljallangan dorilar bilan davolanib kelingan. Bu esa yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda dori dozasini belgilashda xatolikka yo‘l qo‘yish va organizmning zaharlanish xavfini yuzaga keltirgan.
JSSTning ushbu qarori ortidan davlatlarga to‘liq klinik sinovlar o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa ham, doridan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. BMT agentliklari bezgak keng tarqalgan hududlar uchun ushbu dori vositasini sotib olishi va tarqatishi mumkin.
Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar hamon eng zaif qatlam bo‘lib qolmoqda. Bezgakdan o‘lim holatlarining qariyb 70 foizi aynan shu yoshdagi bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bezgak homiladorlikka ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Har yili ushbu kasallik tufayli:
- 10 ming nafar ona vafot etadi;
- 200 ming nafar bola o‘lik tug‘iladi;
- 550 mingga yaqin chaqaloq juda kam vazn bilan dunyoga keladi.
Dunyo va Afrikadagi vaziyat
2000-yildan beri global harakatlar natijasida 14 millionga yaqin o‘lim holatining oldi olindi. Shunga qaramay, bezgak hamon jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda dunyo bo‘ylab 282 millionga yaqin kasallanish va yarim milliondan ortiq o‘lim holati qayd etildi.
Dunyodagi barcha bezgak holatlarining va o‘limning o‘ndan to‘qqiz qismi Sahroyi Kabirdan janubdagi Afrika davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Yangi dori ushbu qit’ada har yili tug‘iladigan 30 million chaqaloqni davolashdagi bo‘shliqni to‘ldiradi.
Shuningdek, aprel oyida JSST bezgakning aniqlash qiyin bo‘lgan yangi turlariga qarshi uchta yangi tezkor testni tasdiqladi. Afrika shoxi mamlakatlari (Efiopiya, Somali, Eritreya, Jibuti)da bezgak parazitlari o‘zgargani sababli testlar 80 foiz holatda kasallikni ko‘rsatmayotgan edi (yolg‘on manfiy natija). Bu esa davolashni kechiktirib, o‘lim xavfini oshirgan.
JSST 2021-yilda birinchi bezgak vaksinasidan foydalanishni tavsiya qilgan. Hozirda ushbu vaksina Afrikaning bir qator davlatlarida keng miqyosda qo‘llanmoqda.