15:00 (11.07.2024)

958

JSST tibbiy asbob-uskunalar boʻyicha yagona axborot platformasini ishga tushirdi

Bugun dunyoda profilaktika, diagnostika, davolash va reabilitatsiya maqsadlarida qoʻllaniladigan 10 000 dan ortiq turdagi tibbiy buyumlar mavjud. Oʻz navbatida, ularni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham koʻp. 

Ana shunday sharoitda qaysi tibbiy texnologiyaning samaradorligi yuqori, qay biri nisbatan arzon va foydalanish uchun qulay, degan savollar xaridoru buyurtmachilarni jiddiy oʻyga toldirishi tabiiy.

Toʻgʻri tanlov qilish uchun esa ishonchli va boy tahliliy maʼlumotlar bazasi hamda vaqt sinovidan oʻtgan oqilona tavsiyalar zarur.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ana shu boʻshliqni toʻldirish maqsadida ilk bor tibbiy asbob-uskunalar boʻyicha yagona axborot tizimi — MeDevIS onlayn platformasini ishga tushirdi. U hukumatlar, davolash-profilaktika muassasalari, donor tashkilotlar hamda individual foydalanuvchilar uchun moʻljallangan.

 Mazkur tarmoqda reproduktiv salomatlik, onalar va bolalar sogʻligini muhofaza qilish, yuqumli va yuqumli boʻlmagan hamda boshqa turdagi kasalliklar diagnostikasi va muolajasida qoʻllaniladigan 2300 dan ortiq turdagi mahsulotlar haqidagi maʼlumotlar jamlangan.

Ular orasida oddiy shpris, tibbiy niqob, elektron termometr va pulsoksimetrdan tortib protezlar, yurak stentlari, murakkab laboratoriya tizimlari, elektrokardiograflar, endoskoplar, gemodializ apparatlari, defibrillyatorlar va innovatsion radioterapiya uskunalarigacha bor.

Foydalanuvchilar MeDevIS platformasi orqali oʻzlariga kerakli mahsulot, buyum, texonologiya imkoniyatlari, samaradorligi, zarur infratuzilma, sogʻliqni saqlash tizimi darajasi (masalan, mahalliy klinika yoki ixtisoslashtirilgan shifoxona) kabi koʻp qirrali axborotlarga ega boʻladi.

JSST hozircha faqat ingliz tilida foliyat olib borayotgan yangi platformani kelgusida bosqichma-bosqich takomillashtirib borishni maqsad qilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech