14:53 (15.05.2025)
83
Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir Asilbek Xudayarov va Bosh prokuror o‘rinbosari — departament boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida “Elektron retsept” tizimini Toshkent shahrining Yunusobod tumanida to‘liq ishga tushirish va uni butun respublikaga namuna qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda tuman bo‘yicha tizimga biriktirilgan aholi 359 ming nafardan ziyodni tashkil etishi ta’kidlandi. Ayni chog‘da Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan hududdagi 10 ta birlamchi tibbiy sanitariya muassasasiga 8 ta xususiy va ijtimoiy dorixona biriktirilgan hamda ular o‘rtasida shartnomalar imzolangan.
Endigi bosqichda esa “Elektron retsept” modulini Yunusobodda to‘liq yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.
Shu bois yig‘ilishda hududdagi mavjud axborot tizimlarini “Elektron retsept” moduliga integratsiya qilish, agar bo‘lmasa, qisqa muddatda yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq amaliy choralar belgilab olindi.