11:45 (06.03.2025)
285
8-yildan so‘ng 22,5 million kishi Alsgeymer kasalligiga chalinadi, Xitoy esa kasallanish holatlari bo‘yicha yetakchiga aylanadi, bu esa jahon dori vositalari bozorida ushbu kasallikka qarshi dorilarga talabni oshiradi.
GlobalData tahliliy kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Alsgeymer kasalligi bilan kasallanishning umumiy soni 2023-yildan buyon yiliga 4,08 foizga o‘sib bormoqda va bu o‘sish sur’ati 2033-yilgacha saqlanib qoladi. AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Xitoyda bemorlar soni 15,99 milliondan 22,51 milliongacha ko‘payadi. Prognozlarga ko‘ra, eng ko‘p kasallanish holatlari Xitoyda qayd etiladi: 2033-yilga borib bu yerda 10,4 million holat qayd etilishi kutilmoqda. Eng kam bemorlar soni esa Ispaniyada bo‘ladi ‒ 0,62 mln kishi.
GlobalData kompaniyasi xodimi Antara Bxattacharyaning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq Alsgeymerdan aziyat chekkan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2023-yilda Alsgeymer bilan kasallanganlarning 79 foizini 75 va undan katta yoshdagi odamlar tashkil etgan. Qariyb 21 foizi 65 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lganlar zimmasiga to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatga olingan 15,99 million holatning taxminan 55 foizi yengil shaklda.
Alsgeymer kasalligi ‒ kognitiv va xulq-atvor buzilishlari bilan tavsiflangan progressiv neyrodegenerativ kasallik. Kasallikning aniq sababi to‘liq o‘rganilmagan bo‘lsa-da, olimlarning fikricha, aksariyat hollarda kasallik genetik, turmush tarzi va vaqt o‘tishi bilan miyaga ta’sir qiladigan ekologik omillarning kombinatsiyasi tufayli yuzaga keladi. So‘nggi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar va klinik sinovlar shuni ko‘rsatadiki, kasallik etiologiyasini aniqlashda ikkita oqsil beta-amiloid va tau-oqsil eng muhim rol o‘ynaydi.
Shu bilan birga, Alsgeymer eng ko‘p xarajat talab qiladigan kasalliklardan biridir. Hozirda davolash asosan kasallikning rivojlanishini sekinlashtirishga va alomatlarni yengillashtirishga qaratilgan. To‘liq davolash usullari hali mavjud emas.
Alsgeymer bilan og‘rigan bemorlar sonining ko‘payishi farmatsevtika kompaniyalarini ham bu kasallikka qarshi dorilar ishlab chiqarishga undamoqdadi. Hozirda Eli Lilli kompaniyasining Donanemab preparati eng samarali bo‘lib turibdi, bu preparat 2025-yilda tasdiqlanishi va bozorga chiqarilishi kutilmoqda.