11:50 (09.04.2025)

354

Dori vositalarini onlayn sotishda qanday tartib-qoidalarga amal qilish kerak?

Eng avvalo, faqat shifokor retseptisiz beriladigan dorilarni onlayn sotish mumkin. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni elektron tarzda realizatsiya qilish – taqiqlanadi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotib olish mumkin bo‘lgan saytlar va/yoki mobil ilovalarda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

- yuridik shaxsning to‘liq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilgan holda; - davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tadbirkorlik subyektining identifikatsiya raqami; - joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili, bog‘lanish telefon raqami; - litsenziyaning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (raqami, amal qilish muddati, litsenziyani berishga vakolatli organning nomi); - realizatsiya qilinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar haqidagi ma’lumotlar (xalqaro patentlanmagan va savdo nomi, chiqarilgan shakli, dozasi, seriyasi, yaroqlilik muddati, ishlab chiqargan davlat (yetkazib beruvchi), qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma, chakana realizatsiya narxi, savdo ustamasi miqdori, muvofiqlik sertifikati); - realizatsiya qilinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar analoglari haqidagi ma’lumotlar; - hisob-kitob shakli, yetkazib berish tartibi va narxi.

Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilishda, zarur hollarda dorixonalar tomonidan aholiga sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish mumkin. Bunda dorixonaning farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimi xaridorga dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash tartibini aloqa vositalari orqali maslahat beradi va dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish uchun farmatsevtik ma’lumotga ega mutaxassis bo‘lishi talab etilmaydi.

Narxi xaridor tomonidan to‘langan dori vositalari va tibbiy buyumlarni dorixonalardan olib xaridorlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning shtatida farmatsevt bo‘lishi talab etilmaydi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib beruvchi transportda maxsus jihozlangan kamera bo‘lishi lozim, unda sifat, samaradorlik va xavfsizlikka rioya etilishini ta’minlovchi zarur harorat, namlik va toza havo ta’minlab turiladi. Alohida saqlash haroratini talab etuvchi dori vositalari faqat tashish haroratini doimiy ravishda kuzatib boruvchi qurilma bilan jihozlangan refrijerator uskunasi yoki termokonteyner bilan jihozlangan transport vositasida tashiladi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlar, ularning sifati, samaradorligi va xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan hamda tashqi muhit ta’siridan saqlovchi transport vositalarida tashiladi. Ular o‘ramining shikastlanishidan, to‘kilishdan, ifloslanishdan, shu jumladan boshqa dori vositalari va moddalari bilan ifloslanishdan himoyalangan bo‘lishi kerak. Ularni boshqa turdagi yuklar bilan birga tashish taqiqlanadi. Muntazam ravishda (bir yil davomida 2 va undan ortiq marta) dori vositalari va tibbiy buyumlarni onlayn-sotish tartibining buzilishi litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb tan olinadi. Bu dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziyaning amal qilishini to‘xtatishga sabab bo‘ladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech