09:00 (12.06.2025)
137
Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalari, shuningdek muomaladagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni inson sog‘lig‘iga zararli ta’sirini tasdiqlovchi faktlar aniqlangan taqdirda muomaladan chiqariladi va yo‘q qilinadi.
Dori vositalari qanday usullarda yo‘q qilinadi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarorining 3-ilovasiga muvofiq:
- Suyuq dori shakllari (ampulalardagi inyeksiya qilish uchun eritmalar, paketlar va flakonlardagi, aerozol ballonlardagi eritmalar, miksturalar, tomchilar) sindirib (ezilib), (aerozol ballonlar oldindan teshib qo‘yiladi) hamda suv bilan kamida 1:100 nisbatda suyultirilib, hosil bo‘lgan eritma kanalizatsiya tizimiga to‘kiladi. Bo‘shagan ampulalar, aerozol ballonlar, paketlar va flakon qoldiqlari konteynerlarga joylashtiriladi va chiqindilarni utilizatsiya qilish talablariga muvofiq yo‘q qilinadi.
- Tarkibida suvda eriydigan moddalar bo‘lgan qattiq dori shakllari (kukunlar, tabletkalar, kapsulalar) maydalanib kukun holiga kelgunga qadar eziladi, suv bilan kamida 1:100 nisbatda suyultirilib, hosil bo‘lgan suspenziya (yoki eritma) kanalizatsiya tarmog‘iga to‘kiladi.
- Tarkibida suvda erimaydigan moddalar bo‘lgan qattiq dori shakllari (kukunlar, tabletkalar, kapsulalar), yumshoq dori shakllari (maz, suppozitoriylar), dori vositalarining transdermal shakllari, shuningdek substansiyalar faolsizlantirilib, maxsus konteynerlarga joylashtiriladi va chiqindilarni joylashtirish uchun maxsus ajratilgan joyga tashlanadi.
- Tarkibida tirik organizmlar (tibbiy immunobiologik preparatlar) mavjud dori vositalari avval dezinfeksiyalovchi vositalar yordamida faolsizlantirilib, yuqori bosim hamda harorat ta’sirida ularning hujayralari parchalanadi va chiqindilarni joylashtirish uchun maxsus ajratilgan joyga tashlanadi.
- Tibbiy buyumlar ularning fizik va kimyoviy xususiyatlarini hisobga olgan holda yo‘q qilinadi.