09:00 (19.02.2025)

324

Kimlar ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega?

Ambulatoriyada davolanishda shaxslarning ayrim toifalarini dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlash dori vositalarini ambulatoriya-poliklinika muassasalari orqali yoxud dorixonalar orqali berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bemorlarga dori vositalarini imtiyozli berish bemorlar ambulatoriya tartibida davolanadigan ambulatoriya-poliklinika muassasasida davolovchi vrachlarning tayinlashi boʻyicha bepul beriladi. 

Talab etiladigan dori vositasi ambulatoriya poliklinika-muassasasida mavjud boʻlmagan taqdirda davolovchi vrachlar ularni dorixonalardan imtiyozli berish uchun retseptlar yozadi. 

Retseptni olish uchun bemorlar (ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, qarindoshlar) ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqini tasdiqlaydigan hujjatni koʻrsatgan holda bemorlar hisobda turadigan joydagi yoki tibbiy xizmat koʻrsatish uchun biriktirilgan joydagi ambulatoriya-poliklinika muassasasiga murojaat qiladilar. 

Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega shaxslar:  

  1. Onkologik kasalliklarga chalinganlar.
  2. Sil kasalligiga chalinganlar.
  3. Moxov kasalligiga chalinganlar.
  4. Endokrinologik kasalliklarga (qandli va qandsiz diabetga) chalinganlar.
  5. Ruhiy kasalliklarga chalinganlar.
  6. OIV kasalligini yuqtirganlar.
  7. Yurak klapanini protezlash va organlarni koʻchirish yuzasidan operatsiya qilingan shaxslar.
  8. Dasturli gemodializ oluvchi bemorlar.
  9. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar.
  10. 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
  11. 1941 — 1945-yillardagi urush mehnat fronti qatnashchilari.
  12. Chernobil AESi falokatini tugatishda ishtirok etgan shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironligi boʻlgan shaxslar.
  13. Baynalmilalchi jangchilar.
  14. Harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar.
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech