17:55 (03.06.2024)
1096
Xitoy olimlari dunyoda birinchi boʻlib II turdagi qandli diabet bilan ogʻrigan bemorni davolashdi. Tadqiqot natijalari “Cell Discovery” jurnalida eʼlon qilindi.
Qayd etilishicha, olimlar ildiz hujayralari terapiyasidan foydalanib, soʻnggi 25 yil davomida kasallikdan aziyat chekkan 59 yoshli erkakni davolagan.
Kasallik yillari davomida bemor insulin ishlab chiqaradigan deyarli barcha oshqozonosti bezi hujayralarini yoʻqotgan. Shuning uchun u har kuni gormonni bir necha marta inyeksiya qilishiga toʻgʻri kelgan. Bundan tashqari, u bir necha yil oldin buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyotini boshdan kechirgan.
Olimlar 2021-yilda ildiz hujayralaridan oshqozonosti bezi hujayralarini yaratdi va ularni bemorga koʻchirib oʻtkazdi. Isteʼmol qilinadigan antidiabetik dorilar 48-haftada toʻxtatilgan.
“Kelajakdagi tadqiqotlar dori sifatida ildiz hujayralaridan olingan orolchalarning farmakodinamikasiga, diabetning boshqa kichik turlariga ildiz hujayralaridan olingan orolcha transplantatsiyasini qoʻllashni kengaytirishga va tayyor mahsulot sifatida universal orolchalarni yaratishga asoslanadi”, deyiladi xabarda.