12:00 (02.02.2024)
1292
Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʼliqni saqlash masalalari qoʼmitasi majlisida farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi direktorining axboroti eshitildi.
Majlisda senatorlar, ekspert guruhi aʼzolari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tegishli doimiy komissiya raislari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab majlisda farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi yuzasidan Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi direktorining axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda farmatsevtika faoliyati bilan shugʼullanuvchi jami 204 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, dorivor oʼsimliklar va biologik faol qoʼshimchalar ishlab chiqaruvchi 276 ta korxona mavjud.
Farmatsevtika (dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi) korxonalari tomonidan 3922 turdagi mahsulotlar tayyorlanyapti. Xususan, 3290 turdagi dori vositalari, 468 turdagi tibbiy buyumlar, 84 turdagi tibbiy texnikalar hamda 80 turdagi substantsiyalar ishlab chiqarilmoqda.
Respublikada faoliyat yurituvchi jami 82 ta korxonadan 40 tasida GMP talablari, 500 dan ortiq ulgurji tashkilotlarning 151 tasida GDP talablari joriy etildi. Shuningdek, 1 ta laboratoriyada GLP talabi, 1 ta saqlash omborxonasiga GSP hamda 1 ta dorixonada GPP talabi joriy etildi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi tutash hududdan qoʼshimcha 80 gektar yer maydonini ajratish hisobiga “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterining sanoat hududi kengaytirildi.
Bugungi kunda farmatsevtika sanoati boʼyicha 5 ta (“Boʼstonliq farm”, “Parkent-farm”, “Аndijon-farm”, “Kosonsoy-farm” va “Zomin-farm”) erkin iqtisodiy zonasi faoliyat yuritmoqda.
Muhokamalar jarayonida senatorlar farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribьyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etilmaganligiga eʼtibor qaratdilar.
Majlisda dori vositalari xavfsizligi va sifatini taʼminlash maqsadida dori vositalarini ulgurji (GDP) va chakana (GPP) realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga zarur amaliyot standartlarini joriy etish ishlarini tizimli yoʼlga qoʼyish, dorixonalar faoliyatini xalqaro talablar asosida tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarda farmatsevtika tarmogʼini yanada rivojlantirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”da belgilangan ayrim vazifalar toʼliq bajarilmaganligi senatorlar tomonidan tanqid ostiga olindi.
Toʼliq bajarilmagan vazifalarni qisqa muddatda bajarish boʼyicha masʼul vazirlik va idoralar vakillarining takliflari asosida chora-tadbirlar belgilashga kelishib olindi. Bundan tashqari, asosiy dori vositalari roʼyxatini dorilar roʼyxati, tasdiqlangan klinik bayonnomalar, tavsiyalar va davolash standartlaridagi taqdim etilgan dori vositalari roʼyxati bilan muvofiqlashtirish yuzasidan amaliy takliflar berildi.
Bundan tashqari, davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qoʼllovchi tashkilotlar tomonidan dori vositalarining qoʼllanilishi chogʼida nojoʼya reaktsiyalar aniqlangan barcha holatlar toʼgʼrisida Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligini xabardor qilish amaliyotini yoʼlga qoʼyish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, majlisda Sogʼliqni saqlash vazirligi masʼullari hamda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi rahbarlarining dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligi va sifatini taʼminlash sohasidagi axborotlari ham tinglandi.
Oʼtkazilgan oʼrganish va muhokamalar yakuni boʼyicha Qoʼmitaning farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirishga oid takliflari aks etgan tegishli qarori qabul qilindi.