14:55 (31.01.2025)
228
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tumani bo‘limi IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro X.R.ning “Monza” rusumli avtomashinasi salonidan tarkibida “Tropikamid” moddasi mavjud bo‘lgan 64 dona yelim idishda suyuqlik va “Pregabalin” moddasi mavjud bo‘lgan 19 dona oq-qizil rangli kapsula dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar F.K. va M.A. noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelib, fuqaro T.B.ga 25 dona “Zardeks” nomli inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 200 AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlanishib, ulardan 5 dona oq qizil rangli kapsula, 1 dona oq rangli idishda suyuqlik, 40 dona “Zardeks” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, F.K.ning xonadonidan yana 80 dona “Zardeks” 175 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shu kabi, Departamentning Xo‘jayli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.” MCHJ sotuvchisi K.Sh. fuqaro K.K.ga inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi 320 ta kapsuladagi dori vositalarini 2 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.