09:00 (28.11.2024)
72
2010 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan 12 yil davomida OIV bilan kasallanish va undan o‘lim ko‘rsatkichlari global miqyosda pasaydi. Xususan, yangi kasallanish holatlari soni qariyb 22 foizga, o‘lim holatlari soni esa deyarli 40 foizga kamaydi. Ushbu ma’lumotlar AQShning Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlari va baholash instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda keltirilgan.
Tadqiqot 1 dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni arafasida The Lancet jurnalida chop etildi.
Tadqiqot mualliflari dunyoning 204 mamlakati va hududlarida OIV bilan kasallanish va o‘lim to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rgandi. 2021 yil ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda OIV bilan kasallanganlar soni 40 millionga yetgan. 2010 yilda bu ko‘rsatkich 29,5 millionta edi. Olimlarning ta’kidlashicha, o‘sha yili dunyoda 2,11 millionta yangi kasallanish holatlari aniqlangan, 1,19 million odam OIVdan vafot etgan. 2021 yilda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 1,65 mln va 718 mingtani tashkil etgan.
Kasallanish va o‘limning pasayishiga Afrikaning Sahroi Kabirdan quyida joylashgan mamlakatlari va Janubiy Osiyoda OIV bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanayotgani asosiy hissa qo‘shdi. Ushbu Afrika mamlakatlarida OIVni yuqtirish ehtimoli 12 yil ichida 21,8 foizdan 8,7 foizgacha kamaydi. Ammo ushbu ko‘rsatkich dunyoning boshqa mintaqalari bilan solishtirganda eng yuqori bo‘lib qolmoqda. Afrikada 12 yil ichida OIVdan o‘lim soni 100 ming aholiga 106,5 tadan 45,5 tagacha kamaydi.
Shu bilan birga, tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, xuddi shu davrda Markaziy, Sharqiy Yevropa, O‘rta Osiyo mamlakatlarida vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi. Bu mintaqalarda OIVdan o‘limlar soni jami 10,4 foizga oshdi, 2021 yilda 28,3 ming kishi vafot etdi. Bundan tashqari, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida ham vaziyat murakkab. Ko‘rsatilgan davrda ushbu hududlarda o‘limlar soni 40,7 foizga o‘sdi, 2021 yilda 11,1 ming kishi OIV bilan vafot etdi.
Olimlarning prognozlariga ko‘ra, butun dunyoda OIV bilan kasallanish va o‘lim darajasi bundan keyin ham pasayib boradi. Xususan, 2030 yilda OIVdan 513 ming kishi, 2050 yilda esa 327 ming kishi vafot etishi mumkin. OIV bilan kasallangan odamlar soni esa o‘sishda davom etib, 2030 yilgacha 43,7 million kishiga yetadi. 2039 yilda bu ko‘rsatkich eng yuqori nuqtaga — 44,4 million kishiga ko‘tariladi va shundan so‘ng asta-sekin pasaya boshlaydi. Olimlarning taxminlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyoda OIV bilan yashovchi odamlar soni 43,4 million kishini tashkil etadi.