11:50 (07.06.2024)
1197
“Manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida”gi Qonun ijrosini samarali tashkil etish boʼyicha Prezident qarori (PQ-210-son, 05.06.2024 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Bosh vazir rahbarligida Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Respublika komissiyasi:
➖ 1 iyulga qadar Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq roʼyxatini shakllantiradi;
➖ Qonun kuchga kirgunga qadar ish guruhlar tuzgan holda davlat organlari va tashkilotlarida oʼrganishlar tashkil etadi;
➖ Qonun kuchga kirgandan keyin har chorakda davlat organlari va tashkilotlarda qonunbuzilish holatlarini tahlil qilib boradi;
➖ har yarim yilda davlat organlarining birinchi rahbarlari ishtirokida Qonun ijrosini tanqidiy muhokama qilib boradi.
Qarorga koʼra, 2024 yil yakunigacha “E-anticor.uz” elektron platformasida manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari faoliyatida manfaatlar toʼqnashuvi holatlari boʼyicha tegishli dalillarni ilova qilgan holda ularni aniqlashda faol ishtirok etgan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli beriladi.
Qarorga koʼra, 1 oktyabrga qadar manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllari tasdiqlanadi.
Qarorga koʼra:
➖ 1 oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari oʼrtasida manfaatlar toʼqnashuvi boʼyicha bilim va koʼnikmalarni baholash uchun onlayn test sinovlari oʼtkaziladi;
➖ 3 oy muddatda davlat organlarida manfaatlar toʼqnashuvini holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish yuzasidan xodimlar uchun oʼquv trening mashgʼulotlari tashkil etiladi.
Masʼul tashkilotlar — Аdliya vazirligi, Bosh prokuratura va Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi.