08:55 (26.12.2024)

96

Milliy farmatsevtika sohasida qanday natijalarga erishilmoqda?

Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy farmatsevtika sohasi jadal rivojlanmoqda.

Bu esa nafaqat ichki bozorni sifatli va raqobatbardosh dori-darmonlar bilan ta’minlash, balki yurtimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda. Buni quyidagi misollar ham yaqqol tasdiqlaydi.

Farmatsevtika tarmog‘ida joriy yilda erishilgan asosiy ko‘rsatkichlarga e’tibor bering: - 5,1 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi;

- 310 mln. dollarlik investitsiya o‘zlashtirilib, 28 ta loyiha amalga oshirildi;

- ilk bor Fransiya, Germaniya, Daniya va Slovakiya kabi davlatlarga eksport amalga oshirilib, tashqi savdo geografiyasi kengaydi va umumiy hajmi 200 mln. dollarga yetdi;

- Mahalliylashtirish dasturi doirasida 765 mlrd. so‘mlik yangi mahsulotlar ishlab chiqarildi;

- “Tashkent Farma Park” farmatsevtika klasterida 1,4 mlrd. dollarlik 41 ta loyiha ro‘yobga chiqarildi.

Umuman, oxirgi yetti yilda ushbu sohada ishlab chiqarish hajmi 2 marta oshgan bo‘lsa, eksport 11 barobarga ortgan. Shularga mos ravishda 750 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan va natijada ushbu yo‘nalishdagi korxonalar soni 3 martaga ko‘payishiga erishilgan.

Ammo bu chegara emas, yurtimizning farmatsevtika salohiyati nihoyatda yuqori. Agar u to‘lig‘icha ishga solinadigan bo‘lsa, yutuqlarimiz yanada salmoq kasb etishi turgan gap.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti davomida ayni masala keng tahlil qilindi. Muhimi, davlatimiz rahbari tomonidan tarmoq istiqboliga yo‘naltirilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

 Jumladan, unga ko‘ra quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

• 2025-yilda keng iste’mol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarishni 2 barobar oshirishga doir maxsus dastur tayyorlanadi.

• Farmatsevtika tarmog‘ida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tuziladi va u biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi va ularga katalizatorlik qiladi.

• Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 million dollarlik venchur kompaniya ochiladi va startap loyiha chetdan qancha mablag‘ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha pulni qo‘shimcha ekspertizasiz beradi.

• Innovatsiya jamg‘armasidan 20 milliard so‘m grant ajratiladi va u yangi ishlanmalar uchun yo‘naltiriladi.

• Kelgusi yilda har biri 5 gektardan iborat bo‘lgan dorivor o‘simliklar plantatsiyalari barpo etiladi va ularni qayta ishlash bo‘yicha 5 ta namunaviy loyiha ro‘yobga chiqariladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech