08:50 (09.04.2025)

359

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlari Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi

Qozog‘istonning Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirlari — Asilbek Xudayarov, Akmaral Alnazarova, Teymur Musayev, Erkin Checheybayev, Kemal Memisog‘lu, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev ishtirok etdi. JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge mehmon sifatida taklif qilindi.

Tadbirda TDTga a’zo davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, Turkiy davlatlar tashkilotida ushbu yo‘nalishdagi xalqaro tuzilmalarning roli kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha vazirlar Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Unga ko‘ra, raqamli sog‘liqni saqlashning muhim roli e’tirof etilib, TDTga a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlarda raqamli tibbiyot yechimlari, jumladan, elektron retseptlardan samarali foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Hujjatda TDTga a’zo davlatlar va kuzatuvchilar uchun yagona tibbiy ilmiy makon yaratish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, bu yo‘nalishdagi ta’limning yagona standartlarini belgilash va uzluksizligini ta’minlash, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal qo‘llash, elektron sog‘liqni saqlashning yagona tartibini ishlab chiqish orqali bemorlar ma’lumotlarini transchegaraviy almashish taklif etilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech