09:10 (09.06.2026)
97
Inson tanasidagi yog‘ning nafaqat miqdori, balki uning qayerda to‘planishi ham miya holatiga va aqliy qobiliyatga (fikrlashga) ta'sir ko‘rsatadi. Buyuk Britaniya biobankining 18 mingdan ziyod katta yoshli ko‘ngillilari ma'lumotlarini o‘rganib chiqqan olimlar shunday xulosaga kelishdi.
Tadqiqot natijalari Nature Mental Health (NMH) jurnalida chop etilgan. Odatda semirish darajasini baholash uchun tana vazni indeksidan (TVI) foydalaniladi, biroq bu ko‘rsatkich yog‘ to‘qimalarining tana bo‘ylab qanday taqsimlanganini ko‘rsatib berolmaydi. Vaholanki, tananing turli qismlaridagi yog‘ salomatlikka turlicha ta'sir qilishi mumkin.
Gonkong politexnika universiteti olimlari ayni shu maqsadda o‘tkazgan tadqiqotda o‘rtacha yoshi 62 yosh atrofida bo‘lgan 18 mingdan ortiq inson ishtirok etdi. Olimlar maxsus rentgen apparati yordamida ishtirokchilarning qo‘llari, oyoqlari, gavdasi va qorin bo‘shlig‘idagi ichki a'zolar atrofida to‘plangan yog‘ — ya'ni visseral yog‘ miqdorini o‘lchashdi. Shundan so‘ng, qatnashchilar miyaning MRT tekshiruvidan o‘tishdi hamda xotira, ma'lumotni qayta ishlash tezligi va fikrlash qobiliyatini baholovchi qator testlarni topshirishdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, turli xil yog‘ to‘planishi miyadagi turlicha o‘zgarishlar bilan bog‘liq ekan. Ular orasida eng xavflisi visseral yog‘ bo‘lib chiqdi. Aynan u miyaning oq moddasi — ya'ni asab tizimining turli bo‘limlari o‘rtasida signal uzatishni ta'minlovchi asab tolalari tarmog‘ining yomonlashishiga kuchli ta'sir ko‘rsatgan. Tanasida visseral yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan odamlarda asab tolalari zichligining kamayishi, miya to‘qimalarida suyuqlik to‘planishi va ularning faoliyati buzilishi alomatlari aniqlandi.
Shuningdek, tadqiqotchilar neyron tarmoqlarining qarish darajasini ko‘rsatuvchi «miya yoshi»ni ham hisoblab chiqishdi. Ma'lum bo‘lishicha, ortiqcha yog‘ning aqliy qobiliyatni susaytirishiga aynan miyaning muddatidan oldin tez qarishi asosiy sabab bo‘lar ekan. O‘tkazilgan barcha testlarda xotira va fikrlashga eng katta salbiy ta'sirni yana o‘sha — visseral yog‘ ko‘rsatdi.
Olimlarning ta'kidlashicha, bu ma'lumotlar yosh o‘tishi bilan miya faoliyati yomonlashishi xavfini baholashda muhim hisoblanadi.