10:00 (25.08.2025)
178
Buyuk Britaniyadagi Uorik universiteti olimlari olmos asosidagi yangi datchik yordamida saraton metastazlarini aniqlash usulini ishlab chiqdi.
Bu haqdagi tadqiqot “Physical Review Applied” jurnalida e’lon qilindi. Qayd etilishicha, saraton hujayralari limfa tizimi orqali boshqa a’zolarga tarqalishi mumkin. Limfa tugunlari zararlanganini aniqlash uchun shifokorlar turli testlardan foydalanishadi, bu esa davolash strategiyasini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi usullarda radioaktiv markerlar yoki ko‘k bo‘yoqlar qo‘llaniladi. Ammo radiofarmatsevtik moddalar hamma klinikalarda mavjud emas, bo‘yoq esa bemorlarning qariyb 1 foizida allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi.
Britaniyalik fiziklarning yangi qurilmasi ixcham, portativ va xavfsiz. U olmosning noyob xususiyatlariga asoslanadi: NV-markazlar (azot atomlari va bo‘shliqlardan hosil bo‘lgan kristall panjara nuqsonlari) eng kichik magnit maydon o‘zgarishlarini ham qayd etishi mumkin. Sensor temir oksidi nanopartikullari bo‘lgan magnit suyuqlikka reaksiya qiladi. Uni o‘smaga yuborish orqali metastazlar qaysi limfa tugunlariga tarqalganini kuzatish va jarrohlik paytida aniqroq olib tashlash mumkin bo‘ladi.
“Biz sensorga ulangan bosh qismini atigi 10 mm gacha kichraytira oldik – bu endoskopiya va laparoskopiyada foydalanish uchun yetarlicha ixcham bo‘lgan birinchi olmosli qurilma”, deydi tadqiqot muallifi Aleks Nyuman.
Qurilma 0,5 mm kub hajmdagi mikro-olmos va kichik doimiy magnit yordamida ishlaydi, shu sababli qo‘shimcha katta elektronika talab etilmaydi. Shifokorlar yangilikni yuqori baholagan.
“Men ko‘krak bezi saratoni davosida muntazam ravishda magnitli navigatsiyadan foydalanaman. Bu an’anaviy usullarda ustunlik beradi. Shuning uchun Uorik universiteti bilan hamkorlik va magnit texnologiyalarni yanada takomillashtirish juda muhim”, deydi Koventri va Uorik shifoxonasi jarrohi Styuart Robertson.
Mutaxassislar kelajakda ushbu sensor o‘pka, jigar, ichak va qizilo‘ngachdagi o‘sma turlarini aniqlashda ham qo‘llanishi mumkin, deb hisoblamoqda.