11:47 (12.12.2024)

1031

Namanganda “Biseptol” preparatiga o‘xshash kontpafakt dori vositasi aniqlandi

Adliya organlariga “ADAMED PHARMA S.A.” kompaniyasiga tegishli “BISEPTOL/BISEPTOL” tovar belgisining kontrafakti ishlab chiqarilayotganligi to‘g‘risidagi murojaat kelib tushdi.

Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida Namangan hududida faoliyat olib borayotgan “P.S" MCHJ tomonidan “ADAMED PHARMA S.A." kompaniyasiga tegishli “BISEPTOL/BISEPTOL” tovar belgisi bilan fonetik jihatdan iste’molchilarni adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan BESETOL nomli kontrafakt dori vositasini ishlab chiqarib, savdoga taklif etilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan “P.S” MCHJga nisbatan o‘zganing tovar belgisiga o‘xshash belgidan qonunga xilof ravishda foydalanganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (37 mln. 500 ming so‘m) miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanildi va kontrafakt mahsulot ishlab chiqarilishi to‘xtatildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan tovar belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash- tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb e’tirof etiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech