14:43 (10.06.2025)
174
Birinchi marta o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, pediatrlar bolalardagi nafas yo‘llarining asoratlanmagan infeksiyalarini davolashda antibiotiklarni "har qanday holatda" qo‘llamasliklari kerak.
Natijalar The Lancet jurnalida chop etilgan.
Amoksitsillin (amoksiklav) penitsillinlar guruhidan yarim sintetik antibakterial vosita bo‘lib, u kattalar va bolalarda bronxit, tonzillit, pnevmoniya, o‘rtacha oti va boshqa kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. Antibiotik Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining asosiy dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan va klinik amaliyotda keng qo‘llaniladi.
Sautgempton universiteti olimlari pnevmoniyaga shubha bo‘lmagan bolalarda nafas yo‘llarining asoratlanmagan infeksiyalarida amoksitsillinni qo‘llash qanchalik asosli ekanligini baholashga qaror qilishdi. Mutaxassislar o‘z ilmiy ishlarida antibiotiklarga chidamlilik global muammoga aylanib borayotganini, ulardan ortiqcha foydalanishning oldini olish juda muhimligini ta’kidladilar.
Yangi tadqiqot Angliya va Uelsdagi o‘rtacha og‘ir alomatlar bilan yuqori nafas yo‘llarining infeksiyalari bo‘yicha ambulator sharoitda davolanayotgan 6 oylikdan 12 yoshgacha bo‘lgan 432 nafar bolani qamrab oldi. Yosh bemorlar ikkita guruhga bo‘lingan, ulardan biri yetti kun davomida kuniga uch marta amoksitsillin, ikkinchi guruh esa platsebo qabul qilgan. Shifokorlar va hamshiralar terapiya boshlanishidan avval simptomlarni baholashdi va ota-onalar bolaning ahvoli haqida kundalik qaydlarni to‘ldirishdi.
Natijada, olimlar ikkala guruhdagi bolalar taxminan bir xil vaqt oralig‘ida sog‘ligi tiklanganini aniqlandi - farq o‘rtacha 13% ni tashkil qildi, ya’ni klinik jihatdan ahamiyatsiz. Bundan tashqari, eng og‘ir belgilar - yuqori isitma, nafas qisilishi va ko‘krak qafasidagi xirillash simptomlarining davomiyligida ham sezilarli farqlar bo‘lmagan.
Amoksitsillinni qabul qilgan besh bola va nazorat guruhidagi to‘rt nafar bemor statsionar tekshiruvidan o‘tkazildi. Boshqa kamroq ahamiyatli ko‘rsatkichlar, masalan, ota-onalarning bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun kasallik ta’tilining davomiyligi va davolanish uchun zarur bo‘lgan retseptsiz dori-darmonlarning narxi ikkala guruh o‘rtasida farq qilmadi.
"Agar pnevmoniyaga shubha bo‘lmasa, shifokorlar ota-onalarni kasallikning qanday kechishi, nimalar kuzatilishi va sog‘ayish kuzatilishi haqida xabardor qilishlari kerak. Ammo nafas olish yo‘llari infeksiyalari bo‘lgan ko‘pchilik bolalarga antibiotiklarni buyurmaslik kerak", - deya xulosa qilishdi tadqiqot mualliflari.