10:40 (10.12.2024)

803

Ayollarda yurak xuruji xavfini ikki baravar oshiradigan dori nomi ma’lum qilindi

Shvetsiya va Avstraliya olimlari tibolon preparatini menopauza sindromi (reproduktiv funksiyalarning pasayishi fonida menopauza davridagi yoshga bog‘liq o‘zgarishlar bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan nevropsik, vegetativ-qon tomir, endokrin va boshqa kasalliklar bilan tavsiflangan holat)ni davolashda qo‘llash insult va miokard infarkti xavfini deyarli ikki baravar oshirishini aniqladi.

Tadqiqot natijalari «British Medical Journal»ida chop etildi.

2007-yildan 2020-yilgacha o‘tkazilgan tadqiqot 50-58 yoshdagi 919 614 ayolni o‘z ichiga oldi. Ular kuzatuvdan oldin ikki yil davomida gormonal dorilarni qabul qilishmagan.

Ishtirokchilar qo‘llanilgan gormon terapiyasi turiga qarab sakkizta guruhga bo‘lingan. Bir necha yillar davomida olimlar subyektlar orasida yurak tomirlari kasalligi, miokard infarkti, insult va venoz tromboemboliya holatlari haqida ma’lumot to‘plab borishdi.

Tadqiqot davrida 24 089 ta yurak-qon tomir hodisalari qayd etilgan bo‘lib, ulardan eng ko‘p koronar yurak kasalligi 43, venoz tromboemboliya esa 38 foiz holatda qayd etilgan.

Natijalar gormon terapiyasining turli shakllari turli darajadagi xavf bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi. Og‘iz orqali estrogen-progestin terapiyasi venoz tromboemboliya ehtimolini 61-100 foizga va koroner yurak kasalligini 21 foizga oshirdi. Eng katta xavf yurak xuruji va insult xavfini ikki baravar oshiradigan tibolon preparatini qo‘llash bilan bog‘liq edi. Shu bilan birga, gormonlarning transdermal shakllari (teriga qo‘llaniladigan) og‘iz orqali yuboriladigan vositalarga nisbatan kamroq salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ushbu natijalar menopauza davrida terapiyani tayinlashda gormonal dorilarni qabul qilish yo‘li va tarkibini hisobga olish muhimligini ko‘rsatmoqda. Shu bois tadqiqotchilar, ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklariga moyil bo‘lgan ayollar uchun davolash usulini tanlashga ehtiyotkorlik bilan yondashishni tavsiya qilishmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech