09:00 (30.04.2024)
1269
Quyosh nuri taʼsirida ishlab chiqariladigan D vitamini tanqisligi faqatgina suyaklarning umumiy salomatligi va kayfiyatga taʼsir etadi, deb qaralgan. Biroq yangi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, D vitaminining yetishmasligi boshqa kasalliklarning yuzaga kelishi va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Irlandiyada 4000 nafar keksa insonlar ishtirokida navbatdagi tadqiqot oʻtkazildi. Unga koʻra, D vitamini tanqisligi boʻlgan ishtirokchilarda depressiyaning rivojlanish xavfi 75 foizga yuqori chiqdi. Bu esa D vitamini toʻgʻridan toʻgʻri bosh miya va nerv tizimiga taʼsir etishini yana bir bor isbotlaydi. Uning yetishmasligi oqibatida Parkinson va demensiya (aqli zaiflik va eslay olmaslik) kabi kasalliklarga keksayganda chalinish xavfi ortadi.
Irlandiyalik bosh shifokor Robert Briggsning fikricha, mazkur tadqiqot natijalari mamlakatdagi sogʻliqni saqlash siyosatiga taʼsir oʻtkazishi, jumladan, depressiyaning oldini olish uchun D vitaminini qoʻshimcha sifatida aholiga tarqatish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi mumkin.
D vitamini tanqisligi nafaqat keksalarga, yosh ayollarga ham taʼsir etib, ularda doimiy yomon va salbiy fikrlar paydo qiladigan depressiya xavfini oshiradi. Ushbu tadqiqot D vitaminining ham jismoniy, ham ruhiy salomatlik uchun muhim element hisoblanishini isbotladi. Vitaminlarni qoʻshimcha qabul qilish barcha yoshdagi odamlarda depressiyaning oldini olishda oddiy va samarali yechim boʻlishi mumkin. Shuning uchun tadqiqot mualliflari barcha davlatlarda va ayniqsa quyosh nuri cheklangan hududlardagi sogʻliqni saqlash dasturlarida D vitaminining ahamiyatini qayta koʻrib chiqishga undamoqda.