12:00 (18.06.2025)

751

Oftob urganda...

Jazirama faslda oftob urishi eng koʼp uchraydigan holatlardan biri. Quyosh urishi — xavfli holat boʼlib, u tashqi termal omillar taʼsirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni meʼyorda ushlab turish qobiliyatini yoʼqotishi natijasida yuzaga keladi.

Uning asosiy belgilari quyidagilar:

- Kuchli bosh ogʼrigʼi;
- Terlashning toʼxtashi, teri quruq va qizargan boʼlishi;
- Tez va kuchli yurak urishi;
- Tez-tez nafas olish;
- Oʼtkir nafas qisishi;
- Bosh aylanishi;
- Koʼngil aynishi va qayt qilish.

❗️Ogʼir holatlarda esa bemorda alahsirash kuzatiladi. Tana harorati, hatto, 41-42 darajagacha koʼtarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.

Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga koʼchirib oʼtkazish lozim. Soʼng gorizontal holda yotqizilib, oyoqlarini sal koʼtarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror xoʼllangan matoni yurak sohasiga qoʼyish kerak. Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi quyosh urgan insonga shoshilinch tibbiy yordam koʼrsatish zarur.

Issiqlik urishining oldini olish uchun:
- Suvsizlanishning oldini olish uchun kuniga 3 litr miqdorda suyuqlik ichish (sovutilgan koʼk choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yogʼli sutli ichimliklar) lozim.

- Toʼgʼri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, undan himoyalovchi koʼzoynaklar hamda soyabonlardan foydalanish kerak.

- Koʼchaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matodan tikilgan yengil liboslar va issiqdan saqlaydigan bosh kiyim kiyish zarur. Chunki ular organizmni sovutish va ulьtrafinafsha nurlardan himoyalashga yordam beradi.

Yosh bolalar, keksa kishilar va surunkali xastaliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish aʼzolari, metobolik va ruhiy xastaliklar) bilan ogʼriydigan bemorlar issiqlik urishiga koʼproq moyil. Shu sababli ular salomatligini muntazam kuzatib borish muhim. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech