08:50 (09.04.2024)

1434

Olimlar insoniyat uchun eng xavfli oʼnta kasallik roʼyxatini tuzishdi

Olimlar dunyoda kasallanish va oʼlim darajasi boʼyicha keng koʼlamli tadqiqot oʼtkazdilar. Tadqiqot natijalariga asosan soʼnggi 30 yil ichida insoniyat uchun eng xavfli boʼlgan oʼnta kasallik roʼyxatini tuzdilar.

Loyihaga Vashington universiteti qoshidagi Sogʼliqni saqlash koʼrsatkichlari instituti rahbarligida oʼnlab mamlakatlardan yuzlab ekspertlar va ilmiy tashkilotlar jalb qilindi.

Mutaxassislar 204 ta davlatda umr koʼrish davomiyligi va oʼlimning 288 ta sababini tahlil qildi. Maʼlum boʼlishicha, soʼnggi yillarda dunyo boʼylab oʼrtacha umr koʼrish davomiyligi oʼsish tendentsiyasini koʼrsatgan. Biroq, koronavirus pandemiyasi boshlanganidan keyin bu koʼrsatkich pasaygan – natijada oʼrtacha umr koʼrish 71,7 yoshni tashkil qildi.

2019 yilda eng xavfli kasalliklar orasida birinchi oʼrinni yurak-qon tomir kasalliklari egalladi. Ikkinchi oʼrinda insult, uchinchi oʼrinda — surunkali obstruktiv oʼpka kasalligi.

Oʼntalikka shuningdek quyi nafas yoʼllarining infektsiyalari, neonatal kasalliklar, yaʼni hayotning birinchi oyida oʼlimga olib keladigan kasalliklar, Аltsgeymer kasalligi, oʼpka saratoni, qandli diabet, buyrak kasalliklari va diareya kiradi. 2021 yilda COVID-19 roʼyxatga kiritildi. Va u tezlikda ikkinchi oʼringa koʼtarildi, insult keyingi oʼringa tushdi.

Tadqiqot oʼtkazgan olimlarning taʼkidlashicha, yuqumli kasalliklar asta-sekin oʼntalikdan chiqib ketmoqda. Аmmo Аltsgeymer kasalligi oʼz mavqeini oshirib, toʼqqizinchi oʼrindan koʼtarilib, oltinchi oʼrinni egallab turibdi. Bundan tashqari, ekspertlar yangi pandemiyalar paydo boʼlishini istisno etmayapti, deb yozadi The Lancet jurnali.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech