12:00 (06.11.2025)
20
Edinburg universiteti olimlari aniqlashicha, keng qoʻllaniladigan antibiotik doksitsiklin ayrim yoshlarda shizofreniya rivojlanish ehtimolini kamaytiradi.
Tadqiqot natijalari American Journal of Psychiatry (AJP) jurnalida eʼlon qilingan.
Doksitsiklin — keng taʼsir doirasiga ega antibiotik boʻlib, u koʻpincha infeksiyalar va teridagi toshmalarga qarshi qoʻllaniladi. Ilgari bu miya hujayralarida yalligʻlanishni kamaytirishi va sinaptik kesish — miya ortiqcha neyron aloqalarini olib tashlash jarayoniga taʼsir qilishi mumkinligi koʻrsatilgan edi. Neyrobiologlar maʼlumotlariga koʻra, bunday kesishning ortiqcha faolligi shizofreniya rivojlanishi bilan bogʻliq.
Shizofreniya odatda yoshlikning ilk davrida namoyon boʻladi. Bu ogʻir ruhiy kasallik gallyutsinatsiyalar, vasvasalar va fikrlash buzilishlari bilan kechadi.
Tadqiqotchilar 56 mingdan ortiq oʻsmirlar haqidagi maʼlumotlarni tahlil qildilar. Bu yoshlar psixiatrik yordamga murojaat qilgan va turli antibiotiklar qabul qilgan. Doksitsiklin qabul qilgan bemorlarda shizofreniya rivojlanish xavfi boshqalarga nisbatan 30–35 foizga past ekanligi aniqlandi.
“Shizofreniya keyinchalik rivojlangan ishtirokchilarning deyarli yarmi ilgari boshqa muammolar sababli bolalar psixiatriya xizmatlariga murojaat qilgan”, — deya taʼkidladi tadqiqot rahbari professor Ien Kellexer.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, olingan natijalar yalligʻlanishga qarshi dori vositalarini yanada chuqurroq oʻrganish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xususan, olimlar doksitsiklin oʻsmirlardagi boshqa ogʻir ruhiy kasalliklarni oldini olish vositasi boʻlishi mumkin yoki yoʻqligini tekshirishni rejalashtirmoqdalar.