09:43 (08.01.2024)
871
Bugungi kunda Oʻzbekistonda yoshlar, ayniqsa bolalarda miopiya (uzoqni koʻra olmaslik) xastaligi koʻp uchramoqda. Bu haqda “Doktor Maqsudova klinikasi” asoschisi, shifokor Zulfiya Maqsudova maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha: Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti prognozlariga koʻra, 2050-yilga borib Yer yuzining yarim aholisi miopiya bilan kasallanadi. Hozirda dunyoda 30 foizgacha insonlar uzoqni koʻra olmaslik bilan xastalangan. Biz Oʻzbekiston Oftalmologlar assosiatsiyasi bilan birgalikda Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanining qator maktablarida boʻlib, bolalarda bepul tekshiruvlar oʻtkazdik. Shunda iqror boʻldikki, bolalarimizning 30 foizi aynan miopiya bilan xastalangan ekan. Eng achinarlisi, oʻsha 30 foiz bolalarning ichida 40 foizining ota-onasi farzandining koʻzi yaxshi koʻrmasligini bilmaydi.
Bugungi texnik progress paytida bu juda katta muammo. Hamma bolalarning qoʻlida telefon. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, 6 oylik bolaning ham qoʻlida telefon bor. Kompyuterlarni-ku gapirmasa ham boʻladi. Bu narsa albatta, miopiyaning yanada koʻpayishiga olib keladi. Avvallari miopiyani 10-15 yoshli bolalarda aniqlagan boʻlsak, hozir 3-4 yoshlilarida ham uchramoqda. Yaʼni u erta boshlanyapti, chunki bolalar qoʻliga gadjetlar juda erta berilyapti”, — dedi shifokor.