12:00 (15.01.2025)

291

Oshqozon yarasi xuruj qilganda qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?

Oshqozon yarasi bor bemorlar, asosan, to‘sh osti sohasida og‘riq sezadilar. Og‘riq ovqat yegandan keyin yarim va bir soatlar o‘tgach boshlanadi. O‘n ikki barmoq ichak yarasida esa og‘riq asosan nahorda bo‘lib, ozgina taom yegandan keyin o‘tib ketadi.

Kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, surunkali tusga o‘tib, bahor va kuz oylarida yanada zo‘rayadi. Bu davrda bemor ish qobiliyati susayib, ishtahasi pasayadi, holsizlanadi. Agar davo choralari ko‘rilmasa, kasallik og‘irlashishi va xavfli asoratlar (yara teshilishi va qonashi) ro‘y beradi.

Yara teshilganda qorinning o‘rta qismida kuchli og‘riq bo‘ladi. Yara qonaganda bemor badanini muzdek ter qoplab, qon aralash qayt qiladi. Shu bilan birga, qoramtir rangda ich ketib, kamqonlik kelib chiqadi. Har ikki holatda ham shifokorga murojaat qilishni kechiktirmaslik zarur.

Xastalik xurujining oldini olish uchun oshqozon shilliq pardasiga salbiy ta’sir etuvchi achchiq, sho‘r va yog‘li taomlarni cheklash lozim. Shuningdek, tarkibida efir moyi bo‘lgan turp, rediska, piyozni iste’mol qilish mumkin emas. Nordon mevalar – olxo‘ri, yashil olma, nordon uzumni kamroq yegan ma’qul.

Tez hazm bo‘ladigan (bug‘da pishirilgan, qaynatilgan, kuchli qovurilmagan) yengil taomlarni oz-ozdan, kuniga 4-5 mahal tanavul qilish tavsiya etiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech