17:20 (10.10.2025)

42

O‘zbekiston Respublikasi Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasiga start berildi

Dushanbe shahrida o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitlari doirasida O‘zbekistonda atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Xususan, ushbu tadbir asnosida poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida O‘zbekiston Respublikasi Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasiga ham start berildi. Markaz qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘yildi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti boshqaruv raisi Arkadiy Stolpner, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yadro tibbiyoti markazi faqat klinika emas, balki mamlakat tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmiy, amaliy va ijtimoiy ahamiyatga ega yirik tashabbusdir. U inson hayotini saqlash, kasalliklarni erta aniqlash va milliy tibbiyot salohiyatini oshirishda hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Markaz S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti (MIBS) ishtirokida investitsiya kiritish formatida barpo etiladi. Obyektning umumiy maydoni 12 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu hududda muhandislik, geologik, ekologik va boshqa loyihaoldi tadqiqotlar amalga oshirildi.

Markazda diagnostika va radiojarrohlikdan tortib, saratonning eng murakkab shakllarini davolash uchun proton terapiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda pozitron-emission tomografiya (PET/KT), siklotron majmuasi va radiofarmpreparatlar laboratoriyasi bilan jihozlangan yadro diagnostika markazi tashkil etiladi. Keyingi bosqichlarda radionuklid terapiyasi yo‘lga qo‘yilib, izotop tadqiqotlari ko‘lami kengaytiriladi. Ma’lumki, bu turdagi tashxis va davolash xizmatlari chet elda juda qimmat turadi. Yadro tibbiyoti markazi faoliyat boshlagach, fuqarolarimiz zamonaviy xizmatlarni o‘z yurtimizda qulay sharoitda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Markaz faoliyati natijasida yiliga 8 ming nafar bemorda kasallikni ilk bosqichdayoq aniqlash imkoni bo‘ladi. Bu esa to‘liq shifo topish ehtimolini bir necha barobar oshiradi. Shu bilan birga, loyiha mamlakatda tibbiy turizmni rivojlantirishga ham zamin yaratadi.

Loyiha doirasida yadroviy texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy tashxis va davolash usullari joriy etiladi. Onkologiya va radiologiya sohasida kadrlar salohiyati, infratuzilma va ilmiy baza yanada rivojlanadi. Bu orqali mamlakat tibbiyotida yangi bosqich boshlanadi. Inson salomatligini muhofaza qilishda aniqlik, samaradorlik va zamonaviy yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech