11:47 (31.07.2024)
685
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari va bog‘cha o‘quvchilarining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ida tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra turli kasalliklar aniqlangan.
Bu haqda 30-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov ma’lum qildi. U bolalar va o‘smirlar orasida kasalliklar profilaktikasi hamda ularni davolash borasidagi ishlar yuzasidan ma’ruza qildi.
1-iyul holatiga ko‘ra, 5,9 million nafar maktab o‘quvchilaridan 5,7 mln nafari (96,5 foiz) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, ulardan 1,3 mln nafarida (27,9 foiz) turli kasalliklar aniqlangan. Vazir vazifasini bajaruvchining ta’kidlashicha, 81 foizi davolanishdan keyin tuzalib ketgan. 2 mln nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisidan 1,3 mln nafari (63,5 foizi) ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, ularning 26 foizida kasalliklar aniqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari eng ko‘p uchraydigan kasalliklarni sanab o‘tdi, ularga, xususan, 28,4 foiz holatda qon va qon yaratish a’zolari kasalliklari, masalan, anemiya, qonning tarkibiy tuzilmasidagi o‘zgarishlar kiradi. Keyingi o‘rinlarda nafas olish, ovqat hazm qilish (6,9 foiz) va endokrin tizimi kasalliklari (5,4 foiz) turadi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 12,93 mln nafar 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar (jami aholining 35 foizi) istiqomat qilmoqda.
Bundan tashqari, bolalar va o‘smirlarning nogironligiga olib keladigan kasalliklar ham tahlil qilingan. Birinchi o‘rinda asab tizimi kasalliklari (27,8 foiz), shu jumladan, periferik asab tizimi kasalliklari va bolalar serebral falaji (SMA) turadi. Ikkinchi o‘rinda tug‘ma anomaliyalar turadi: tekshirilganlarning 17 foizida tug‘ma yurak nuqsonlari aniqlangan. Uchinchi o‘rinda esa ruhiy va xulq-atvorning buzilishi, aqliy zaiflik (3,6 foiz) turadi.
Bunday kasalliklar ko‘proq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida uchraydi.
«Bu yerda pediatriya xizmatini va yordamni kuchaytirish kerak, degan xulosaga keldik», — dedi Asilbek Xudayarov aholini profilaktik skrining bilan qamrab olishni kengaytirish zarurligi haqida gapirarkan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari, shuningdek, irsiy kasalliklar, jumladan, orfan (kam uchraydigan) kasalliklar bo‘yicha 2024-yilning birinchi yarmidagi selektiv skrining natijalarini ham taqdim etdi. Tekshiruv xavf guruhidagi 1314 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda o‘tkazilgan. Ularning 29 nafarida irsiy kasallik rivojlanish xavfi borligi, jumladan, 8 nafarida Goshe, (markaziy asab tizimidagi o‘zgarishlarga olib keladigan metabolik kasallik), 9 nafarida Pompe (butun dunyo bo‘ylab mushak va nerv hujayralarining shikastlanishi bilan bog‘liq kasallik) borligi aniqlangan), 10 nafarida Nimanna — Pika kasalligi va boshqalar aniqlangan.
Bugungi kunda 6 ming 526 nafar kam uchraydigan irsiy kasalliklarga chalingan bemor bepul davolanmoqda (byudjetdan 35 mlrd so‘m ajratilgan), dedi Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi. Kelgusi yilda davolanishi davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan kasalliklar qatoriga yana 7 ta orfan kasallikni kiritish rejalashtirilgan.
2023-yilda 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda gelmintoz (gijja kasalliklari) profilaktikasi bo‘yicha 5,3 mln (83 foiz) bolada skrining o‘tkazilgan, ularning 5,1 foizida gijja tuxumlari borligi aniqlangan. 6,2 mln bolada profilaktik maqsadlarda degelmintizatsiya tadbirlar o‘tkazilgan, dedi Xudayarov.
2024-yil boshidan buyon 2 mln bola skriningdan o‘tkazilgan, ulardan 186,9 ming nafarida (9,3 foiz) gijja tuxumlari borligi aniqlangan.