12:00 (21.05.2024)
1072
Pfizer oʼzining jigʼildon qaynashiga qarshi dorisir Zantac (ranitidin) preparatini qabul qilgandan keyin saraton xavfi oshganligi tufayli kompaniyaga qarshi qoʼzgʼatilgan 10 000 dan ortiq daʼvolarini hal qilish uchun 250 million dollargacha toʼlashga rozi boʼldi. Bu haqda Britaniyaning Financial Times gazetasi yozmoqda.
Farmatsevtika giganti va Amerika shtatlari oʼrtasida tuzilgan kelishuvlar Zantac bilan bogʼliq sud jarayonlarining faqat bir qismini hal qiladi. Moliyaviy tafsilotlar hali toʼliq oshkor etilmagan.
Zantac birinchi marta 1983 yilda regulyatorlar tomonidan tasdiqlangan. 1988 yilda uning yillik sotuvi 1 milliard dollardan oshganidan keyin u dunyodagi eng koʼp sotiladigan dori vositalaridan biriga aylandi. Preparatga boʼlgan huquqlar keyinchalik Pfizer ga, keyin Boehringer Ingelheim ga oʼtkazildi va 2017 yilda ular Sanofi kompaniyasiga sotilgan.
Biroq, 2020 yilda AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) raketa yoqilgʼisi va moylash materiallarini ishlab chiqarishda qoʼllaniladigan kantserogen NDMA (N-nitrozodimetilamin) topilganligi sababli Zantac va uning jeneriklarini bozordan olib tashlashni talab qildi. Ushbu modda sogʼliq uchun xavfli boʼlib, turli xil hayvonlarda saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Ushbu moddaning bir milligramdan kam dozasi ham saraton oʼsmalarining rivojlanishiga olib keladi.
Pfizer 1998 yildan 2006 yilgacha jigʼildon qaynashiga qarshi dori sotgan. Farmatsevtika giganti saraton kasalligining paydo boʼlishi va preparatni retsept boʼyicha qabul qilish oʼrtasida hech qanday bogʼliqlik yoʼqligini taʼkidlashda davom etmoqda.
Oʼtgan oy Sanofi kompaniyaning dori-darmonlarini qabul qilish saraton xavfini keltirib chiqarishi bilan bogʼliq 4 ming daʼvoni hal qilishga muvaffaq boʼldi, lekin shartnomaning moliyaviy shartlarini oshkor qilmagan.