14:00 (09.04.2026)

43

Plastik buyumlar tarkibidagi kimyoviy moddalar erta tug‘uruqqa sabab bo‘ladi — tadqiqot

Olimlar kundalik hayotimizda keng qo‘llanadigan plastik buyumlar tarkibidagi kimyoviy moddalar va muddatidan oldin tug‘ilishlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi. Bu haqda NYU Langone Health tadqiqotchilari o‘tkazgan yangi izlanishga tayanib Euronews xabar berdi.

Tadqiqotga ko‘ra, DEHP (di-2-etilgeksilftalat) deb ataladigan toksin dunyo bo‘ylab qariyb 2 millionta muddatidan oldin tug‘ilish holatiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mazkur modda kosmetika vositalari, yuvish vositalari, hasharotlarga qarshi preparatlar va boshqa ko‘plab maishiy mahsulotlar tarkibida uchraydi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina 2018-yilning o‘zida ushbu modda ta’siri tufayli 1,97 million chaqaloq vaqtidan oldin tug‘ilgan va qariyb 74 ming go‘dak vafot etgan.

Plastik qanday qilib tug‘uruqni tezlashtiradi?

Mutaxassislarning tushuntirishicha, ftalatlar homiladorlikni tartibga soluvchi gormonlar faoliyatini buzadi. Bu esa yo‘ldoshda yallig‘lanish va stressni keltirib chiqarib, tug‘uruq jarayonining muddatidan oldin boshlanishiga turtki bo‘ladi.

Eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hududlar

Tadqiqot dunyoning 200 dan ortiq davlatidagi ma’lumotlarni qamrab olgan. Ma’lum bo‘lishicha, DEHP ta’sirining yarmidan ko‘pi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ushbu hududlarda sanoatlashuvning tezlashgani va plastikdan foydalanish darajasi yuqoriligi bilan izohlanadi.

Afrikada esa holatlar soni kamroq bo‘lsa-da, tibbiy xizmat sifatining pastligi sababli chaqaloqlar o‘rtasida o‘lim ko‘rsatkichi ancha yuqori.

Muammo nimada?

Olimlar bir xavfli moddaning o‘rniga boshqasini (masalan, DiNP) qo‘llash muammoni hal qilmasligini ta’kidlamoqda. Foydalanishga kiritilgan yangi moddalar ham xuddi shunday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 37 haftadan oldin tug‘ilgan bolalarda umr davomida o‘rganish va rivojlanish bilan bog‘liq muammolar uchrash xavfi yuqori bo‘ladi. Muddatidan oldin tug‘ilish dunyoda go‘daklar o‘limining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech