12:00 (25.12.2024)

120

Magniy uyqusizlik va stressda yordam beradimi?

Har bir inson hayoti davomida ba’zan vaqtida uxlashga qiynaladi. Bunga stress, haddan tashqari charchash, ta’tilsiz ishlash va shovqinli muhit ham sabab bo‘lishi mumkin.

Agar uyqusizlik surunkali bo‘lsa, bu ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, organizmda zaiflik, asabiylashish, diqqatni jamlashni uddalay olmaslik kabi holatlar kuzatiladi. Shunday vaziyatda shifokorlar magniy preparatini qo‘shimcha tarzda ichishni buyuradi.

Magniy energiya ishlab chiqarish, asab tizimi faoliyati, qon bosimini tartibga solish va glyukoza miqdorini nazorat qilishda ishtirok etadigan muhim mineraldir. Inson organizmida taxminan 25 mg magniy mavjud bo‘lib, uning 50-60 foiz qismi suyaklarda, qolgani yumshoq to‘qimalarda joylashadi. Qon tarkibida magniy bir foizdan kam miqdorni tashkil qiladi.

Magniyni bir kunda qancha iste’mol qilish yosh va jinsga qarab farqlanadi. 19-30 yoshdagi erkaklar kuniga 400 mg, ayollar esa 310 mg magniy qabul qilishi mumkin. Ehamine tibbiyot portali mutaxassislari aytishicha, insonlar magniyni oziq-ovqatdan yetarli miqdorda qabul qilmaydi. Uning tanqisligi qand kasalligi, yurak-qon tomir, metabolik kasalliklar va osteoporoz kabilarga olib keladi.

Magniy preparatlari uyquni yaxshilashga yordam beradimi?

Magniy uyqu-uyg‘onish siklini tartibga solishga va tunda osuda dam olishga yordam beradi. Uyqusizlikka chalingan keksa odamlarda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, magniy uyquga ketish vaqtini 17 daqiqaga qisqartiradi. Ammo tungi uyqu sifatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Boshqa bir tadqiqotda ishtirokchilar bezovta oyoqlar sindromiga chalingan edi. Magniyni qabul qilish ularda tungi uyg‘onishlar sonini kamaytirishga yordam berdi. Xulosa qilganda, magniy asosan harakat tizimi buzilganlarga uyquda yordam beradi deyish mumkin. Ushbu modda boshqa sabablar tufayli uyqusizlikka chalinganlarga kor qiladimi yoki yo‘q — fanga hozircha noma’lum.

Kimlar magniy qo‘shimchalariga muhtoj?

Magniy qo‘shimchasi mineral yetishmasligi xavfi bo‘lgan odamlar uchun samarali hisoblanadi. Bu bir nechta kasalliklar tufayli sodir bo‘lishi mumkin: - oshqozon-ichak kasalliklari, - II-toifa qandli diabet, - spirtli ichimliklarga qaramlik, - qarilik. Magniyni qabul qilish gipertoniklar uchun ham foydali, chunki mazkur mineral qon bosimini pasaytiradi.

Qarshi ko‘rsatmalar

Magniy qo‘shimchalarini retseptisiz sotib olish mumkinligiga qaramay, ularni shifokor retseptisiz qabul qilmaslik kerak. Magniyni o‘z ichiga olgan dori-darmonlarga allergiya kuzatilsa, uni qabul qilishni darhol to‘xtatish kerak. Shuningdek, buyrak kasalliklari bilan og‘rigan shaxslarga magniyni qo‘shimcha tarzda ichish mumkin emas. Preparatdan allergik reaksiyalar: yuz va tomoqda shish, qizarish, qichishish, shuningdek ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh aylanishi kabilar kuzatilganda zudlik bilan tez yordam chaqirish lozim.

Magniyning homiladorlar va chaqaloqlarga qanday ta’sir qilishi noma’lum. Homiladorlikni rejalashtirayotganlar va bo‘lajak onalar shifokor bilan maslahatlashmasdan magniyni o‘zboshimchalik bilan qabul qilishi man etiladi.

Magniyning dori vositalari bilan o‘zaro ta’sirlashuvi

Magniyning sun’iy shakli ba’zi dorilarning ta’sirini susaytirishi mumkin. Antibiotik va osteoporozga qarshi dori qabul qilayotgan bemor magniy ichish kursini boshlashdan avval shifokorni bundan ogohlantirishi muhim. Quyidagi dori vositalari bilan magniyni qabul qilish mumkin emas:

Penitsillamin; Tetratsiklin; Doksitsiklin; Minotsiklin; Siprofloksatsin; Levofloksatsin; Lomefloksatsin; Moksifloksatsin; Norfloksatsin; Ofloksatsin; Alendronate; Ibandronat; Rizedronat; Tiludronat;

Biologik faol qo‘shimchalar tarkibidagi magniy ham xavfli bo‘lishi mumkin, chunki BFQ ishlab chiqarish jarayoni dori vositalari kabi jiddiy nazorat qilinmaydi. Shuning uchun preparat idishida yozilgan faol moddaning miqdori aslida farq qilishi mumkin.

Organizmda magniy miqdorini oshiruvchi tabiiy mahsulotlar

Organizm oziq-ovqat bilan iste’mol qilinadigan magniyning taxminan 30-40 foizini o‘zlashtiradi. Ushbu mineral miqdorini oshirish uchun bodom, yeryong‘oq, keshyu, qovoq urug‘i, loviya, soya suti, ismaloq, oq kartoshka, jigarrang guruch, losos, mol go‘shti, banan, mayiz, qora shokolad (kamida 70 foiz kakaoli), sut, olma, sabzi, tabiiy yogurt kabi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech