16:00 (03.06.2025)

193

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar 10 foizga oshiriladi

Prezidentning budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni 10 foizga, ya’ni inflatsiyadan past bo‘lmagan darajaga oshirishga doir farmoni imzolandi.

2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan. 

Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar

Bunda:

  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 918 000 so‘m etib;
  • nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 012 000 so‘m etib;
  • kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori: 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m; oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m; oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 110 000 so‘m etib;
  • kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 000 so‘m etib;
  • fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilanadi.

2025 yil 1 avgustdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi.

BHM ham 10 foizga oshadi

1 avgustdan e’tiboran, bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘m deb belgilanadi (hozir – 375 ming). Shu sanadan boshlab, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so‘mni tashkil etadi (hozir – 1 mln 155 ming).

1 iyuldan e’tiboran yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, nogironlik pensiyasi 1 mln 12 ming so‘m deb belgilanadi.

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi ko‘rsatilgan.

«Bundan tashqari, xususiy sektorda ishlovchi fuqarolarimizning ham to‘lov qobiliyatlarini rag‘batlantirish uchun ish beruvchilarga ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lash tavsiya etiladi», — deyiladi farmonda.

Oxirgi marta ish haqi, pensiya va nafaqalar 2024 yil 1 sentabr kuni 15 foizga oshirilgandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech